Kattaqo‘rg‘onda nechta tadbirkor onlayn nazorat-kassa mashinasidan foydalanadi?
Bugungi kunda onlayn nazorat-kassa mashinalari (NKM) va virtual kassalarni amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada viloyat davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tadbirkorlik sub’yektlariga borgan holda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalardan foydalanish yuzasidan atroflicha tushunchalar bermoqda.
- Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha shahar hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar DSI xodimi Mirsaid Bahriddinov. – Birinchi va ikkinchi bosqichda 148 ta tadbirkorlik sub’yekti onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishga o‘tganini ta’kidlash joiz.
Tadbirkorlik sub’yektlari soha mutaxassislaridan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalardan foydalanish tartibi bo‘yicha savollariga batafsil javob olmoqda. Eng muhimi, onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning qulayliklari hamda afzalliklariga tadbirkorlarga manzur bo‘lmoqda.
- Onlayn nazorat-kassa mashinalari bir qator qulayliklarga ega ekani bizga ma’qul keldi, – deydi tadbirkor Akmal Suyarov. – Masalan, onlayn NKMdan foydalanganda, kassa kitobi yuritilmaydi. Uni xarid qilganimizda soliq imtiyoziga ega bo‘ldik. Bundan tashqari, onlayn NKM terminal vazifasini ham bajaradi. Kattaqo‘rg‘on shahar DSI xodimlari kelib, onlayn NKMdan foydalanish tartib-qoidalari xususida atroflicha tushunchalar berdi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.