Samarqandlik tibbiyotchi olimlar Dushanbeda mahorat darslari o‘tkazdi
Samarqand davlat tibbiyot instituti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida 2018 yil hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlariaro akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, fan va ta’lim sohalaridagi xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, tibbiy ta’lim va ilmiy sohalarga innovatsion usullarni joriy qilish, ilm-fan va sog‘liqni saqlash amaliyoti uchun mutaxassislar tayyorlash darajasini oshirish maqsadidagi hamkorlik o‘rnatish belgilangan. Ushbu hamkorlik natijasida Samarqand davlat tibbiyot institutini bir nechta professor-o‘qituvchilar, shuningdek, Samarqand shahar 2-ichki kasalliklar kafedrasi o‘qituvchilari bir hafta davomida Dushanbe shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Institut professor o‘qituvchilari, dastavval Dushanbe shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan 69-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Konferensiyaning plenar yig‘ilishida va ichki kasalliklar fanlari bo‘yicha seksion qismida 2-ichki kasalliklar kafedrasi o‘qituvchisi A.Muhiddinov ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Xizmat safari davomida Tojikiston davlat tibbiyot universitetining 3-son ichki kasalliklar kafedrasi joylashgan bazada ham bo‘lib, akademik mobillik dasturi asosida ichki kasalliklar fanidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.
Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar davomida universitet qoshidagi klinikalar, xususan, gematologiya, nefrologiya, kardiologiya va gastroyenterologiya bo‘limlaridagi murakkab va og‘ir bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi, ularni tashxislash ishlari amalga oshirildi, klinik ordinatorlar uchun mahorat darslari tashkil qilindi.
Yeleonora Tashkenbayeva.