Samarqandlik yosh kitobxonlar taqdirlandi
Samarqand davlat universitetida “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan samarqandlik qizlarni taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Biloyat hokimligi tashabbusi bilan universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, viloyat nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Shuhrat Negmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘lim rahbari Toshpo‘lat Tugalov yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, zukko kitobxon yoshlar va ularning ustozlari, ota-onalarini tabrikladi.
- Bu tanlov yoshlarimizning kitobga bo‘lgan mehrini oshirishga xizmat qilyapti, - deydi universitetning filologiya fakulteti dekani Azamat Pardayev. – Fakultetimizning 2-bosqich talabasi Marhabo Mahkamtoshevaning tanlov g‘olibi bo‘lib, “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritishi universitet jamoasini xursand qildi.
– Tanlovda to‘rtinchi marta ishtirok etishim va to‘rtinchi urinishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim, - deydi Marhabo Mahkamtosheva. – Tanlovning respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish mobaynida belgilangan 60 ta asarni bir marta emas, bir necha bor o‘qidim. Har gal o‘qiganimda bu kitoblardan yangi ma’no, yangi mazmun topdim. Hayotga munosabatim, qarashlarim o‘zgardi. Keyin tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu ekanligini angladim. Aslida, kitob o‘qish menga hayotiy ehtiyojga aylanib ulgurgan. Meni mana shunday natijalarga erishishimda qo‘llab-quvvatlagan ota-onamdan, ustozlarimdan cheksiz minnatdorman!
“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi g‘olibi Marhabo Mahkamtosheva, 20-30 yosh toifasida ikkinchi o‘rinni egallagan narpaylik Iroda Safoyeva hamda 10-14 yosh toifasida faol ishtirok etgan nurobodlik Mohinur Muxtarovaga esdalik sovg‘alari, ularning ota-onalariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.
- Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishimning o‘zi men uchun katta yutuq bo‘ldi, - deydi Mohinur Muxtorova. – Asosiysi, shu tanlov sabab juda ko‘p yangi asarlar bilan tanishdim. Avval o‘qiganlarimni takrorladim. Bu xotirani kuchaytirishga, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qilar ekan. Sovrinni qo‘lga kiritish muhim emas, ammo ortga chekinmayman, kelgusi yil yana qatnashib, men ham Marhabo opadek viloyatimizga “Spark” avtomashinasi bilan qaytaman.
Shuningdek, tadbirda Samarqand davlat universiteti talaba-yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va kitobxon yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Mening shaxsiy kutubxonam” videoroliklar tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
E’zoza MEYLIYeVA,
To‘lqin SIDDIQOV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV (surat).