Kitob o‘qimay, kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan qiz bilan suhbat

Mana, bir necha yillardan beri yurtimizda «Yosh kitobxon» respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan qiziqish ortdi. Har bir yosh o‘z bilimini sinab ko‘rmoqda. Quyidagi suhbatimiz mazkur tanlovning respublika bosqichida 2-o‘rinni egallagan, Buxoro davlat universiteti magistranti Shamshoda Hamdamova bilan bo‘ldi.

Nega birinchi o‘rinni olgan qiz emas, ikkinchi o‘rin sohibi bilan suhbat uyushtirilyapti, degan haqli savol tug‘ilishi mumkin o‘quvchida. Gap shundaki, Shamshoda kitob o‘qish imkoniyatiga ega emas, faqat eshita oladi. Ammo shunga qaramay, sog‘lig‘idagi kamchilik ham unga bahona bo‘lmadi. Hech narsaga qaramasdan, barcha to‘siqlarni yengib o‘tib, tanlovning respublika bosqichiga yetib keldi.

- Kitob o‘qishga qiziqishingiz qachondan boshlangan?

- Aslida bolaligimdan kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Kitob mutolaasi hayotimning mazmuni, desam ham bo‘ladi.

- Tanlovga qanday tayyorlandingiz?

- Tayyorlanishimga eng katta yordam bergan kishilar singlim va ustozim Kamol Sharipov bo‘ladilar. Asarlarni singlim Jayrona o‘qib berardi, keyin uni telefonga yozib olib, audio shaklda taxlardik va barcha asarlarni, shu tarzda audio shaklda eshitganman. Nafaqat asar, balki she’rlarni ham singlim yoki ustozim o‘qib, audio shaklga keltirib berishardi. Shu tariqa menda audio shakldagi juda katta kitoblar jamlanmasi paydo bo‘ldi.

- Adiblar hayoti va ijodi bilan bog‘liq savollar ham bor edi tanlovda.

- Yuqorida aytganimday, tanlovga tayyorgarlikning barcha jabhalarida ustozimning xizmati katta bo‘ldi. Chunki berilgan adib hayoti haqidagi ma’lumotlarni izlab topish, ularni o‘qib, audio shaklga solish bilan faqat ular shug‘ullandi. Men o‘qib, ularni yod olishga harakat qildim.

- Sizni she’rlar ham yozib turadi, deb eshitdik.

- Ha, ijod qilaman, uchta she’riy kitobim nashrdan chiqqan.

- Universitetda tahsilingiz bilan tanlovga tayyorgarlik jarayoni qiyin kechmadimi?

- Avvaliga universitet yotoqxonasida tayyorlandik, ammo kitobni menga o‘qib berishlari atrofdagilarga noqulaylik tug‘dirdi. Shuning uchun ijaraga chiqib, keyin bemalol tayyorgarlik ko‘rdim. Kech soat 2-3 largacha kitob o‘qirdik, bahslashardik, tortishardik. Ammo bu jarayon o‘zimga yoqardi, shuning uchun qynaldim, deb aytolmayman. Aksincha, asar ichiga kirib ketar, uning qahramonlari bilan birga yashardik. Bu menga zavq berardi, kitob o‘qish bilan birga hayotdagi maqsadlar sari intilishga ishtiyoq berardi. Aksincha, men tanlovga tayyorgarlik ko‘rgan kunlarimni hayotimdagi eng baxtli kunlarim, deb hisoblayman. Qaniydi, shunday kitobxonlik muhiti doimiy bo‘lsa.

- Kitob mutolaasi kishiga nima beradi?

- Kitob inson dunyoqarashini butunlay o‘zgartirib yuborishga qodir. Hayotda bardoshli, sabrli, irodali bo‘lishga o‘rgatadi. Tafakkurimiz kengayadi, axloqiy qarashlarimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

- Tanlov natijasini eshitganingizda qay ahvolga tushdingiz?

- To‘g‘ri, boshida oson bo‘lmadi. Oxirgi shartdan so‘ng bilimni eshitib yig‘lab yubordim. Tasavvur qiling, to‘rtta shartda 1-o‘rinda tursamu, 5-shartga kelib, arzimagan ballga yutqazib qo‘ysam. Alam qilmaydimi? Biroz stressga tushdim, ammo ota-onam, yaqinlarim, ustozim mehri, daldasi bilan tezda bu holatdan chiqib ketdim. Oxirgi shartni yomon sharhlagandirman, ehtimol. Lekin bu erkin mavzu. Men dunyoni odamlarning so‘zi bilan tasavvur qilganman, kashf etib, tushunganman. Shunday ekan, erkin mavzuni, bilim saviyamdan kelib chiqib javob berdim. Umuman, kitobxonlik tanloviga qatnashgan biror bir ishtirokchi mag‘lub bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Ularning har birining endi bilim, tafakkur, maqsad, ishtiyoq nomli xazinasi bor.

Munisa Shamsiyeva suhbatlashdi.