Samarqandlik yoshlar Prezidentga murojaat qildi: Muammo arzon uy-joylarning bahosi qimmatligida

Samarqandlik bir guruh yoshlar yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga maktub yo‘llashdi. Ularning muammosi – arzon uy deb olgani qimmatlashib ketganida. Xat mazmuni bilan tanishsangiz, yechimi chigal muammoga duch kelasiz. Quyida maktubdan parcha keltiramiz.
Assalomu alaykum, Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Biz Samarqand shahri, Navoiy shoh ko‘chasida yangi qurilgan “Yoshlar uyi” egalari, ushbuni yozishimizdan maqsad, bizga ajratilayotgan nomi “arzon”, amalda qimmat bo‘lgan xonadonlar xususida.
Biz 2016 yilda, sobiq “Kamolot” YoIH viloyat kengashi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, shakllantirilgan ro‘yxat asosida, yosh oilalar uchun quriladigan arzon uy-joylardan sotib olish huquqiga ega bo‘lgandik. Ushbu uyni qurish 2016 yil o‘rtalarida boshlangan bo‘lsa-da, lekin tender 2017 yil 2 martda o‘tkazildi. Unda mazkur uy-joyni 4 qavatli 32 ta xonadonga mo‘ljallab
10 oy muddatda qurish belgilangan bo‘lib, QQS bilan 3 770 714 387 (uch milliard yetti yuz yetmish million), QQS siz 3 142 261 989 so‘m, QQS va YaIT siz 3 066 682 836 so‘m ajratilishi aytilgan (tender komissiyasi hisoboti ilovasida).
Lekin uyni qurish ishlari 2017 yilda, haqiqatda, 2016 yilda boshlangan bo‘lsa-da, 10 oyda emas... salkam uch yarim yildan keyin (!) 2019 yil mart oyida bitdi. Shu davrgacha bizga, “2017 yil Mustaqillik bayramiga”, “2017 yil 8 dekabrga”, “2017 yil oxiriga”, “2018 yil Navro‘zgacha”, “Yoshlar kuniga”, yana “2018 yil 1-sentyabrgacha”, undan keyin “1 oktyabrgacha”, “noyabrgacha”, “dekabrgacha”,
“8-dekabrgacha”, “yil oxirigacha” qurilish tugaydi” degan va’dalarni berib kelishdi. Ayni payda ko‘p qavatli uy 4 emas, tushunarsiz sabab bilan 5 qavatli qilib qurildi (balki shu sababli kechikkan).
Uy bitib, asta-sekin yosh oilalar ko‘chib kirish arafasida ma’lum bo‘ldiki, qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan. Kirish pod’yezdlariga sifatsiz, devor uchun mo‘ljallangan ingichka kafellar o‘rnatilgan, uning ham bir qismi sinib ketgan. Uyning tashqi qismidagi asfalt va bino oralig‘i ochilib yotibdi. Yomg‘ir suvlari shundoqqina uydan 1 metr nariga tushadi. Bu, albatta, xavfli. Bolalar maydonchasidagi arg‘imchoqlar sifatsiz o‘rnatilganidan sinib ketgan. Xonadonlarning kirish va ichki eshiklari arzon materialdan va sifatsiz, eshiklari yaxshi o‘rnatilmagan. Qattiqroq tortsa, sinib tushadi va oddiygina pol bo‘yog‘ida bo‘yalgan. Kanalizatsiya ishlari ham sifatsiz bajarilgan. Plastik trubalar shunchaki devor ustidan o‘tkazilgan. Jo‘mraklarning ulama joylaridan suv chiqib ketadi. Gaz ta’minotida bosim pastligi uchun muammolar bor. Oddiygina uy uchun lampochkalar o‘rnatilmagan... Bunaqa kamchiliklarni, afsuski, yana bir qancha keltirish mumkin.
Qurilishi uzoq muddat talab qilgan ushbu uyni biz ehtiyojmand oilalar vakillari, qurilishi tugadimikan degan umid bilan bir necha bor, aniqrog‘i, 3,5 yil kuzatib borganmiz. Ayniqsa, qurilishda ishlatilgan armatura kamligi, umuman quruvchi bo‘lmagan kishini ham xavotirga qo‘yardi. Beton plitalar devorlarga to‘liq yotmaganligi, asosiy tayanchni tutib turuvchi tumbalar soni kamligi ko‘pchilikka ayon bo‘lgan. Sement miqdorining qanchaligi ham shunga munosib bo‘lgani aniq. Qabul qilib oluvchi mas’ullar va komissiya bu muammolarni nahotki e’tiborga olmagan?
Biz o‘zimizni nazoratchi emasligimizni anglagan holda indamasdan “narxlar ham shunga mos bo‘lsa kerak-da, arzon uy-joyda” degan andisha bilan yurganmiz. Davlat komissiyasi vakillari xulosasi bilan yetakchi iqtidorli avlod vakillari deb topilgan yoshlar, ularning farzandlari hayoti xavfsizligini bir chaqaga olmasdan qurilishni “risoladagidek” deb qabul qilgan qurilish mutasaddilari o‘z farzandlarini shu xonadonlarda yashashlarini istamasligi kundek ravshan. Aks holda, bunday qilmas edilar. Bugunga kelib, asossiz narx hammamizni qiynamoqda. Qurilish tashkilot mutasaddilari vajlari bir talay. Ularni tenderga kimdir chaqirib, “Shu uyni qurasan”, deb majburlamagan yoki tenderni soxtalashtirmagan, “qurilish muddatini xohlagan vaqtingda tugatishing mumkin” demagandir. Bizning ishonchimiz faqat Sizdan Muhtaram Shavkat Miromonovich.
Ahvol shu darajaga borib yetguniga qadar mutassaddilar ushbu holatni bartaraf etishmadi. “Qurilish firmasi mustaqil va hech kim uning ishiga aralashishga haqli emas” deyilgan tamoyil yo‘q. Qonun hamma uchun teng va ahamiyatli deya Sizga murojaat etishga jazm etdik. Biz yoshlar jamiyatdan yoki davlatdan norozi kayfiyatda emasmiz. Biz Siz tomoningizdan bizga berilgan imkoniyatni suiiste’mol qilayotganlardan norozimiz.
2019 yil yanvar oyida uy hujjatlarini rasmiylashtirish vaqtida, quruvchi “Jayhun” MChJ xodimlari tomonidan bizga qo‘ng‘iroq qilib, “Hokimiyatdanmiz, ertaga kelinglar. Uyda yig‘ilish o‘tadi, shahar hokimligidan mas’ullar qatnashadi” deb bizni chaqirtirishdi (ma’lum bo‘lishicha, bundan na shahar, va na viloyat hokimligining xabari bor). Borsak, bizni “Jayxun” MChJ ning direktori o‘rinbosari deb tanishtib, bizlarga “Uyning narxi har kv.m ga 3 500 000 so‘mdan (!) bo‘ladi” deb shartnoma tutqazmoqchi bo‘ldi. Tabiiyki, yig‘ilganlar bunga rozi bo‘lmadi. Arzon uy-joyni narxi nega tijoriy uy-joylar qatori ekanini so‘raganimizda esa, mas’ul bunga sababi qilib, “hokimiyat tomonidan bizga kvotniy qurilish materiallari berishmadi” deb izohladi.
Biroz muddatdan keyin, mart oyi boshlarida yana o‘sha raqamlardan “Jayxun” MChJ ning mas’ul xodimasi qo‘ng‘iroq qilib, “Shartnomaga qo‘l qo‘yib keting. Kvadrati 3 560 000 so‘m deb chaqirtirdi. Albatta, ko‘pchilik bu taklifga ko‘nmadi. Mazkur uyda istiqomat qiluvchilarning aksariyatining daromadiga to‘g‘ri kelmaydi.
Aprel oyi boshlarida “Qishloqqurilishbank”ka shartnoma qilish tegishli hujjatlarni topshirish uchun borganimizda, bank xodimlari “Sizlar shartnomani quruvchi bilan emas, biz bilan qilasizlar. Narxi u darajada qimmat bo‘lmaydi, uy-joy qiymatini bank belgilaydi, quruvchining haqi yo‘q” deb javob qaytarishdi. Biz bundan ancha xursand bo‘lgandik.
Lekin ma’lum bo‘lishicha, bu shunchaki gap ekan. 2019 yil 20 apreldan boshlab qurilish tashkiloti xodimlari telefon qilib hammani bank mas’ullari ishtirokida uy-joyning har kv.m uchun 3 650 000 so‘mlik (!) shartnoma imzolashga chaqirtirishyapti. 2 xonali uyning narxi 200-210 mln. 3 xonali esa 260 mln. so‘m ekan. Bildikki, buni rasman bank ham tasdiqlabdi. So‘rasak, komissiya xulosasi, viloyat hokimligi ham rozi ekanini vaj qilishdi. Biz endi nima qilamiz? Shuncha yillik mehnatlarimiz va yutuqlarimiz uchun berilgan va “Prezident tuhfasi” sifatida qabul qilgan uyimiz uchun muncha pulni qanday to‘laymiz? Nahotki, buni mahalliy rahbarlarning ko‘zi ko‘rmagan, qulog‘i eshitmagan bo‘lsa?
Ushbu savollarni quruvchi va bank xodimlariga berganimizda umumiy gaplar bilan javobsiz qoldirishmoqda.
Bu uyda istiqomat qiluvchilarning hammasi asosan, davlat va nodavlat tashilotlarida faoliyat yurituvchilar bo‘lsa, o‘rtacha 1,3-1,6 mln. so‘m oylik bilan kun kechiruvchilar ekanligini “mas’ullar” va “komissiya” bilarmikan?
To‘lov esa 2 xonali uyga birinchi besh yillik uchun oyiga 1,4-1,5 mln. dan, uch xonali uchun oyiga 2,1 mln. so‘mdan tushayapti. Bu dahshatli raqamlar boshlanishi. Miqdor besh yildan keyin foiz stavkasi va asosiy qarz bilan 2-3 martaga ortadi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Bizga ma’lum, bu boradagi nomini “arzon”, lekin qimmat uylarni topshirish paytida Respublikamizning bir qancha hududlarida mana shunaqa “bank-quruvchi-komissiya” tomoshasi bo‘layotgani va uy-joyga muhtoj yoshlarni noroziliklarini OAV orqali kuzatib borayapmiz. Ayniqsa, Buxoro shahridagi va Toshkent shahri Sergeli tumanidagi holatlarni ko‘rib, ularga achindik.
Keyinchalik tengdoshlarimizning Sizga murojaat qilganidan so‘ng masala ijobiy yechim topganini eshitib, biz ham ular qatori xursand bo‘lgandik.
Hozir biz uchun umidbaxsh ishonch bu - Sizning mazkur muammoning hal etilishidagi ko‘rsatmangizdir.
Hurmatli Shavkat Miromonovich! Biz uchun oxirgi najot bu - SIZ!
Sizga hurmat va ehtirom bilan, imzo chekuvchilar:
Z.Rahmonova.
M.Xazratkulova.
M.Muxitdinova.
F.Boshmonov va yana 22 nafar yoshlar.