Samarqandliklarni suv bilan ta’minlayotgan inshootlar qachon qurilgan?
Samarqand shahar aholisiga “Dahbet” va “Cho‘pon ota” suv inshootlari orqali ichimlik suvi yetkazib beriladi.
“Dahbet” suv inshooti 1928 yilda, “Cho‘pon ota” suv inshooti 1931 yilda qurilgan. Tizim mas’ullarining aytishicha, bugungi kunda inshootlardagi nasos va uskunalar ma’nan eskirishi natijasida bugungi kunda tizimda sezilarni nosozliklar yuzaga kelmoqda.
Umuman, viloyatdagi ichimlik suvi olish inshootlarining loyihaviy quvvati sutkasiga 1419,8 ming metr kub bo‘lib, mavjud 1658 ta, amalda 469,5 ming metr kub (34 foiz) quvvat bilan ishlamoqda.
Mavjud 1658 ta ichimlik suvi olish inshootlaridan 656 tasi, 1872 ta suv quduqlaridan 675 tasi, 4,8 ming kilometr ichimlik suv tarmoqlaridan 1,1 ming kilometri ta’mirtalab holatga kelgan.
Suv ta’minoti inshooti va tarmoqlarining aksariyati 1960-1970 yillarda qurilgani uchun tizim shunday holatga kelib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, viloyatda 2020 yil 1 yanvar holatiga 66,8 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan, 33,2 foiz aholi boshqa manbaalar hisobidan (kachalka, buloq, soy, ariq va maxsus transport vositalari) ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Viloyatda ichimlik suv va oqova tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 2020 yilda barcha manbaalar hisobidan jami 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar hisobidan 99 ta suv (shundan, 4 ta oqova) inshootlar va 432,1 kilometr (shundan, 83,2 kilometr oqova) tarmoqlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.