Suv inshooti ishga tushdi, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Shu yil 6 yanvar kuni telegram ijtimoiy tarmog‘imiz - zarnews.uzda “Tumanning olis hududida aholi ariqdan suv ichadi” sarlavhasi ostida Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil mahallasi Yangi qishloq qishlog‘ida aholi ichimlik suvi yo‘qligi bois ariqdan ichayotganligi haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.

Ushbu maqola yuzasidan "Samarqand suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati axborot xizmati javob yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:

"Ushbu qishloqda 2020 yilning noyabr, dekabr oylarida korxonamiz hisobidan 400 metr, aholi tomonidan 400 metr, jami 800 metrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Bugungi kunga kelib, havoning keskin sovishi tufayli hamda elektr energiyasining vaqtincha uzilishi oqibatida suv minorasi muzlab, aholi xonadonlariga suv bormagan.

Shu kunlarda eski simyog‘ochlar temir-beton ustunlarga almashtirilmoqda. Suv inshooti esa soz holatda aholiga xizmat ko‘rsatib turibdi. Qishloqni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazilsa, aholiga ichimlik suvi o‘z vaqtida yetib boradi".