Samarqandning mikrohududlarida ahvol qanday?
Ko‘p qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishish maqsadida bu gal Samarqand shahridagi A, B, V mikrohududlar (mikrorayon)da bo‘ldik.
Jumladan, “V” mikrohududdagi Mirzo Bedil mahallasida “Saxovatli kishilar” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 65- va 67-uylarning holati bilan tanishganimizda ularning fasadi ta’mirtalab ekanligini ko‘rdik. Uylar oldida o‘rindiqlar o‘rnatilmagan, borlari ham singan, bolalar maydonchasi qurilishi yakuniga yetkazilmagan. 10 yildirki, boshqa uylar kabi isitish tizimi va issiq suv bilan ta’minlanmagan.
- Bu uylar qariyb ellik yil oldin qurilgan, ta’mirlanganiga esa uch-to‘rt yil bo‘ldi, - deydi “Saxovatli kishilar” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Sherzod Mirzayev. - Shirkatimiz 11 ta to‘rt qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Barcha uylar ta’mirtalab. Bu haqdagi murojaatlarimizga mutasaddilar har gal dasturga tushadi, kredit ajratiladi deb javob berishadi-yu natija yo‘q. O‘zimiz 2018 yilda 65- va 67-uylarning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi tomonini ta’mirladik, lekin boshqasiga imkoniyatimiz yetmaydi.
- Shahrimizdagi chiroyli ta’mirlangan uylarni, bolalar maydonchasini ko‘rib havasimiz keladi, - deydi 65-uyda yashovchi M. Ismoilova. – Nahotki, biz yashayotgan uylarni ta’mirlash haqida hech kim o‘ylamasa. Aslida shirkat bu kabi muammolarni hal qilishi kerak emasmi?
Hududdagi “Amirshox Mir Alizoda” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga ham Sherzod Mirzayev rahbarlik qilar ekan.
Shirkatimizga qarashli 69- va 73-uylar viloyat hokimining tashabbusi bilan 2019 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi, - deydi Sh.Mirzayev. - Ammo 99-uyning ta’miri chala qoldi, 105-uyni ta’mirlash ishlari esa boshlanmadi ham.
Birida yaxshi, birida aksi
Biz “A” va “B” mikrohududlarda bo‘lganimizda yuqoridagi holatlarning aksini ko‘rdik. Uylar sifatli ta’mirlangan, bolalar maydonchasi zamonaviy ko‘rinishda.
– Uylar 2018 yilda “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish” loyihasi asosida ta’mirlandi, – deydi “Marjona Javohir servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Nurillo Qo‘yliyev. – Faqatgina bu yerda bir muammo bor – uylar isitish tizimi va issiq suv bilan ta’minlanmagan. Hamma uylardagi quvurlar yangisiga almashtirilgan, agar issiqlik yetkazib berilsa, tizim ishlashga tayyor holatda. “Issiqlik manabai” DUK tomonidan esa 2021 yilda issiqlik tizimining markaziy tarmog‘i to‘liq ta’mirlangach, uylarga issiqlik ta’minoti va issiq suv yetkazilishi ma’lum qilindi.
“A” mikrohududdagi “Tokzor kommunal servis, mening uyim” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 8- va 13-uyda bo‘lganimizda uyning tom qismi ta’miri chala qolganini ko‘rdik.
– Shirkatimiz 10 ta to‘rt qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, 655 xonadon mavjud, - deydi “Tokzor kommunal servis, mening uyim” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Mahmud Ismoilov. – 8- va 13-uylarning ta’miri “Alfa invest grup” MChJ qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan edi, biroq bu ishlar oxiriga yetkazilmadi. Hatto smetada ko‘rsatilmagan, deb uy oldiga chiqindi qutilari ham o‘rnatilmadi. Uylarga kirish eshigining tepa qismi yopilmadi. Hozirda bizni qiynayotgan asosiy muammo isitish tizimining yo‘qligi va oxiriga yetmagan ta’mirlash ishlari bo‘lib qolmoqda.
Shirkat faoliyati o‘rganilmoqda
Biz ushbu hududlardagi vaziyat yuzasidan Samarqand shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi mutasaddilarining fikrlari bilan qiziqdik.
– “V” mikrohudud Mirzo Bedil mahallasidagi 65- va 67-uylarda yashovchi aholidan bizga shirkat faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat bo‘lgandi, – deydi Samarqand shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Firdavs Mahmadiyorov. – Shu sabab viloyat hokimligi huzuridagi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘ining shu yil 16 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan ishchi guruhi tuzilib, ayni paytda “Saxovatli kishilar”, “Amirshox Mir Alizoda” va “Mironshoh sadaf” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati to‘liq o‘rganilmoqda (bu uch shirkatga ham Sherzod Mirzayev rahbarlik qiladi). O‘rganish davomida ajratilgan 1 milliard so‘m kreditlarning sarflanishi, bajarilgan ishlarning sifati tahlil qilinmoqda. Mazkur tahlil yakunlari bo‘yicha uylarni ta’mirlash masalasiga oydinlik kiritiladi hamda shirkat raisi faoliyatiga baho beriladi.
“Mamat Ilhom” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga esa 60 million so‘m kredit ajratiladi va uylarning 15 ta kirish yo‘laklari ta’mirlanadi. Bundan tashqari, “Mohinur elita servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga “Asaka” bank tomonidan 33 million 600 ming so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ 2 ta ko‘p qavatli uyni, yo‘laklarni ta’mirlash va eshiklarni zamonaviysiga almashtirishga sarflanadi.
Farroshga 400 ming so‘m maosh yetarlimi?
Sug‘diyona maskanining Mash’al mahallasidagi “Mash’al” uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish shirkatiga qarashli to‘qqiz qavatli 17-uydamiz. Uyning mavjud ikki liftidan biri ishlamayotganiga guvoh bo‘ldik. Uyga mas’ul Tatyana Shukurovaning aytishicha, liftlar 1986 yilda uy qurilganda o‘rnatilgan. Shu sababli ikkinchisi ham tez-tez ishdan chiqib turarkan. Uy sifatsiz ta’mirlangan, chiqindi tashlash qutisi o‘rnatilmagan. Qavatlar oralig‘idagi yo‘laklarda elektr simlari ochiq holatda qoldirilgan.
Hududdagi 9-uy oldida yerto‘ladan chiqarilgan quvurdan ichimlik suvi behuda oqib yotibdi. Yerto‘lani suv bosishi oqibatida ichkari nam bo‘lgan. Uy oldi, ariqlar chiqindi va xazonlardan tozalanmagan.
- 17-uydagi liftlar haqiqatda eskirgan, - deydi “Mash’al” uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish shirkati raisi Abdumalik O‘rozov. – Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan shu yil liftlar yangisiga almashtirilishi kerak edi, ammo qolib ketdi. 2021 yil o‘rnatilishi rejalashtirilganini aytishdi. Uyni ta’mirlash ishlari “G‘iyos hamkor quruvchi” MChJ tomonidan bajarildi. Sifatsiz ta’mirlanishidan tashqari, uy oldidagi yo‘laklarning beton qoplama ishlari chala qoldi. Tom va yerto‘lani shirkat hisobidan ta’mirladik. Uylar oldini tozalash uchun uch nafar xotin-qizni biriktirganmiz. Ular tomonidan har kuni bir uy oldi to‘liq tozalanadi, shu sabab, boshqasiga ulgurmagan bo‘lishi mumkin. 9-uy oldidagi ichimlik suv quvurini hovlidagi gullarni sug‘orish uchun o‘rnatganmiz, e’tiborsizlik oqibatida jo‘mragi ochiq qolibdi, yerto‘lani ikki kun oldin quvur yorilishi oqibatida suv bosgandi, hozir bartaraf etildi.
Hududni tozalash, supurish ishlari uchun xotin-qizlarga qancha maosh berilayotganini shirkat raisidan so‘raganimizda 400 ming so‘mdan haq to‘lanayotganini bildirdi.
Shirkat uylarni ta’mirlash uchun 2016 yilda bankdan 409 million so‘m kredit olgan. Hozirda bu mablag‘ning 147 million so‘mi qaytarilmagan. O‘z navbatida shirkat a’zolarida ham 160 million so‘m qarz yuzaga kelgan. Uylar oldida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari shirkat boshqa binoga ko‘chib o‘tgani uchun, mart oyidan buyon ishlamayotgan ekan.
Sug‘diyonada bu yil ham uylar isitilmaydi
Keyingi manzilimiz Uvaysiy mahallasidagi ko‘p qavatli uylar bo‘ldi.
- Shirkatimizga 10 ta besh va bitta to‘qqiz qavatli uy biriktirilgan bo‘lib, 516 ta xonadonga xizmat ko‘rsatyapmiz, - deydi “Sug‘diyona garant servis” uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish shirkati raisi vazifasini bajaruvchi Shahobiddin Qilichev. – Uylarimiz 2018 yilda ta’mirlangan. Ammo 7 ta uyning tom qismidan chakka o‘tadi, ayni paytda ta’mirlash ishlarini olib boryapmiz. Bizda yana bir muammo – uylar oldida 12 ta garaj borligi. Aholi bu qurilmalarni olishni istamayapti. Tegishli idoralarga qilgan murojaatlarimiz ham natijasiz. Hatto yaqinda 3-sektor rahbari ham kelib ketgandi. Agarda garajlar olinsa, bu yerda avtoturargoh tashkil etardik. Bundan tashqari, qurilish korxonalari tomonidan ta’mirlash ishlarining sifatsiz bajarilgani va chala qoldirilgani ham aholining e’tiroziga sabab bo‘lyapti. 13-, 14-, 15-, 16-, 21-, 23-uylarning ta’mirlash ishlari “Samarqand elobod”, “Renessans qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan yakuniga yetkazilmagani uchun qabul qilganimiz yo‘q.
Biz tomi ta’mirlanayotgan 15- va 16-besh qavatli uylarda bajarilayotgan ishlarni ko‘rish maqsadida tomga chiqdik. Haqiqatda tomda suv o‘tgan joylar ta’mirlangan. Ammo bir-ikki metr joyni ta’mirlash bilan tom yaroqli bo‘larmikan? Yamalgan joydan yana suv o‘tmasligiga kafolat bormi? Shirkat 2016 yilda bankdan 344 million so‘m kredit olgan. Hozirda uning atigi 104 millioni qaytarilgan.
Shu uylarning yerto‘lasida bo‘lganimizda zaxligi, chiqindilar mavjudligi va aholi xonadonidan suv tushayotganiga guvoh bo‘ldik. Bunga Sh.Qilichev “bu uyda kam ta’minlangan oila yashaydi, uyidagi quvurlari eskirgani uchun suv tushyapti” deya izoh berdi.
Shirkat tomonidan uylarning yo‘laklariga zamonaviy romlar o‘rnatilgan. 25-to‘qqiz qavatli uyning ikkala lifti zamonaviysiga almashtirilgan. 20 ta kuzatuv kameralari mavjud bo‘lib, hudud inspektori xonasida nazorat qilinmoqda.
Sug‘diyonada biz ko‘rgan ko‘p qavatli uylarda ham isitish tizimi va issiq suv mavjud emas. Aholi bu yil ham qishda o‘z bilganicha (gaz va elektr uskunalaridan foydalangan holda) uyini istishiga to‘g‘ri keladi. Uylarning holati va bajarilgan ishlar birida yaxshi-yu birida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bunga mutasaddilar e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Husan ELTOYeV, Fazliddin RO‘ZIBOYeV, “Zarafshon” muxbirlari.