Samarqandning mikrohududlaridagi kamchiliklarni bartaraf etishni viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi nazoratga oldi

Shu yil 30 sentyabr kuni Zarnews.uz saytida “Samarqandning mikrohududlarida ahvol qanday?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etilayotgani haqida Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi munosabat yo‘lladi.

Unda, jumladan, shunday deyiladi:

“Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan maqolada qayd etilgan muammolarni bartaraf etish uchun ishchi guruhi tuzildi, ayni paytda “Saxovatli kishilar” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati to‘liq o‘rganilmoqda. O‘rganish davomida ajratilgan 2,2 milliard so‘mdan ortiq kreditlarning sarflanishi, bajarilgan ishlarning sifati tahlil qilinmoqda. Mazkur tahlil yakunlari bo‘yicha uylarni ta’mirlash masalasiga oydinlik kiritiladi.

“Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasiga tegishli markaziy issiqlik qozonxonalari ishlamaganligi sababli “A” va “B” mikrohududlardagi ko‘p qavatli uy-joylarga joriy yilda ham markazlashgan issiqlik yetkazib berilmaydi. Maqolada ko‘rsatilgan bu uylarda “ALFA COMPUTERS GROUP” MChJ pudratchi tashkiloti tomonidan qilinayotgan ishlar 70 foizga bajarilgan. Ishlarni tugatmaganligi sabablari haqida buyurtmachi viloyat injiniring kompaniyasiga yozma murojaat qilingan. Sug‘diyona maskanidagi 17-uyning lifti ta’mirlanib, ishga tushirildi.

Uy ta’miri uchun sifati pudratchi mas’ul. Ammo murojaatchilarning o‘zlari bu ta’mirni qabul qilgan. Chiqindi qutisi qo‘yish “Maroqandobod” davlat unitar korxonasiga aytildi. Elektr simlari bilan bog‘liq kamchilik bartaraf etildi.

9-uyning yerto‘lasidagi suv quvuri yorilgani bois suv bosgan ekan, bu holat bartaraf etildi. Farroshning oyligi mulkdorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilishini ma’lumot o‘rnida keltiramiz.

15- va 16-uylarning tom qismidagi kamchiliklar “Sug‘diyona garant servis” shirkati tomonidan bartaraf qilinadi.

Ko‘p qavatli uylar oldidagi garajlar olinishi bo‘yicha viloyat hokimining qarori ham qabul qilingan. Mavjud 12 ta garaj ham olinishi boshqarma tomonidan nazoratga olinadi”.