Samarqandning obodligiga ko‘z tegdimi?
Samarqand tarixiy obida va qadamjolarining go‘zalligi, ko‘rkamligi va bahavo joylarining obodligi bilan yer yuzining sayqali bo‘lib kelgan. Ammo bugun shaharning obodligiga ko‘z tekkanday nazarimda.
Muammoni aytishdan avval ba’zi raqamlarga e’tiboringizni qaratsam.
Viloyat hududida yil davomida hosil bo‘ladigan chiqindilarning umumiy miqdori 5422,6 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 466,5 ming tonna maishiy chiqindilar, 4956,1 ming tonna sanoat chiqindilari. Aholini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2017 yil 33 foizdan 2021 yilda 89,2 foizga yetkazilgan. Bu yaxshi albatta. Ammo shaharning ayrim hududida to‘planib qolgan chiqindilar obodonlashtirish ishlari ko‘ngildagidek olib borilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Misol uchun, shaharning Registon majmuasidagi “Chorsu” galeriyasi yonidagi ko‘kalamlashtirilgan maydonda chiqindi qutilari bo‘la turib, atrofi o‘ralgan to‘sinlardan “kuldon” yoki chiqindi qutisi o‘rnida foydalanilmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Hududda chiqindi qutisi o‘rnatilgan bo‘lsa, nega bunday yoqimsiz holat kuzatilyapti?
Sababi, bog‘da chiqindi qutisi sanoqli, tamaki chekish va chiqindi tashlashni taqiqlovchi maxsus belgi yoki tartib ko‘rsatilmagan.
Albatta, chiqindi qutilari ko‘proq va yaqin masofada maxsus belgilar bilan o‘rnatilgani maqsadga muvofiq. Ayniqsa, shaharning e’tiborga molik joylarida. Chunki shaharga tashrif buyurayotgan mehmonlar va sayyohlarga qulaylik yaratish hamda viloyatimizning turizm salohiyatini oshirish asosiy maqsadimiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.