Samarqandning sanoati orqada qolayotgan tumanlarida 1,9 trillion so‘mlik 137 ta loyiha ishga tushiriladi
Viloyatimizda mahalliylashtirish dasturi doirasida 93,4 milliard so‘mlik 34 turdagi mahsulot ishlab chiqarildi. Bu haqda Matbuot uyida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
J.O‘roqovning qayd etishicha, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yil yakuni bilan 16,6 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 102,1 foiz o‘sishi kutilmoqda. Shundan, ishga tushgan 53 ta yangi loyiha hisobiga ishlab chiqarish hajmi 285,1 milliard so‘mga oshadi, quvvatlardan to‘liq foydalanilmayotgan 170 ta korxona hisobidan 612 milliard so‘m qo‘shiladi. Kichik sanoat zonalarida ishga tushgan 60 ta yangi loyiha hisobiga 245,7 milliard so‘mga ko‘payadi.
Shuningdek, (Kattaqo‘rg‘on shahri, Urgut, Toyloq, Jomboy, Payariq, Samarqand tumanlari) 73 gektar maydonda yangi tashkil etilgan 6 ta kichik sanoat zonasida 241 ta lotga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyiha takliflari joylashtirilishi boshlandi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 49 ta yangi ishga tushgan loyiha hisobidan 646,2 milliard so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ishga tushirilgan 3 ta yangi loyiha evaziga 948,5 milliard so‘mlik qo‘shimcha hajm yaratiladi.
Sanoati orqada qolayotgan Kattaqo‘rg‘on shahar, Qo‘shrabot, Nurobod, Payariq va Paxtachi tumanlarida umumiy qiymati 1,9 trillion so‘mlik 137 ta, shundan 2020 yilda umumiy qiymati 415,3 milliard so‘mlik 65 ta loyiha ishga tushiriladi. Ushbu loyihalar hisobiga yil yakuniga ishlab chiqarish hajmi 105,1 milliard so‘mga oshadi.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar mahsulot sotish hajmini pasaytirgan 962 ta korxonaga ko‘mak beriladi.
Investitsiya dasturiga asosan yil yakuniga qadar qiymati 148 million dollar bo‘lgan 13 ta yirik investitsiya loyihasini ishga tushirish choralari ko‘riladi. Jumladan:
- "Maroqand sement invest" sement ishlab chiqarishni tashkil etish.
- “Samarqand Metall Kombinat" metall rulonlarni qayta ishlash.
Hozirgacha viloyatdagi 163 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarining 154 tasini faoliyati tiklangan. Qolgan 9 tasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.