“Samarqandnoma”
Shoira Jumagul Suvonovaning ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga bag‘ishlab yozgan tarixiy biografik dostoni shunday nomlandi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga tuhfa sifatida nashrdan chiqqan ushbu kitob qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan Samarqand va uning bugungi farovon kunlariga bag‘ishlangan.
Samarqand qadimdan o‘zining o‘tmishi, ilmu ma’rifati olimu ulamolari, qadimiy obidalari bilan dunyoga mashhur. Dostonni o‘qib, shoiraning sizni ana shu sehrli olamga, sirli ummonga yaqinlashtirganligini his qilasiz. U kishini Samarqandni sevishga, ajdodlardek bo‘lib, o‘z yurti, xalqi uchun yashashga undaydi.
O‘n sakkiz bo‘limdan iborat bo‘lgan doston kitobxonga voqelikning eng yuksak, eng nozik qirralarini badiiy ifoda etish uslubi orqali taqdim etgan. Masalan, "Yangi Samarqand" fasli tasvirlarini o‘qir ekansiz, satrlarda ifoda etilgan maqsad ko‘ngillarni ilmga, nafosatga, yurtga muhabbat tuyg‘usini tarannum etayotganini his qilasiz.
Quyida Samarqand haqidagi rivoyatdan birini o‘qiysiz.
***
Bir kun (Abul) Ibn Abbos Hazrati Xizr
Samarqand ta’rifin etarkan bir-bir.
Bul shaharning madhin binolar etgan,
Uni Rasululloh(s.a.v.) duolar etgan!
Deydi: "Alloh yorlaqagan, suyilgan,
Tuprog‘iga payg‘ambarlar qo‘yilgan".
Abul Hino Husniyodek payg‘ambar,
Kamtarlik va xokisorlikka rahbar.
Bo‘lib elning hayratini lol qilgan,
Jaholatning mulkini ishg‘ol qilgan.
Deya Hazrat Xizr(a.s.) boqib uzoqqa,
Shaharning maqtagan Rasululloh (a.s.v.)ga.
Yana bir sahoba Asom ibn Zayd(r.a.)
Samarqand ta’rifin bayon etgan payt.
Boshqa bir rivoyat mag‘zidan ogoh
Etib, degandi der, Risolatpanoh (payg‘.s.a.v.):
"Jayhun daryosidan narigi yerlar
Uning maqtab, nomini Samarqand derlar.
Ul juda boy, afsonaviy bir chaman,
Uni Xudo har ofatdan saqlagan.
U yerda ko‘p olim-u ilm taraf,
Tug‘iladi, yurtga keltirib sharaf.
Ham ko‘ksini ulug‘ etib bu shahar,
Joy oladi ne-ne ulug‘ mozorlar".
Munisa Shamsiyeva.