SamDAQIning dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi kuchaymoqda

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida Rossiya Federatsiyasining Tambov davlat texnika universiteti ta’lim muassasasi rektori Mixail Krasnyanskiy va Ulyanovsk davlat texnika universiteti qoshidagi Xalqaro institut direktori Pavel Pazushkin ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida institut rektori Sulton Ahmedov va Tambov davlat texnika universiteti rektori Mixail Krasnyanskiy o‘rtasida hamkorlik shartnomasi hamda memorandum imzolandi.

- O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, - deydi M.Krasnyanskiy. – Bu ta’lim sohasida ham o‘z aksini topgan va samarasini bermoqda. Imzolangan memorandum tomonlarning universitet ta’limi sohasida, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, xalqaro hamkorlikni tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama akademik hamkorlikni ta’lim yo‘nalishlarida rivojlantirish borasida muzokaralar olib borildi. Ikkala tomonning ilmiy potensialini oshirish, seminar va konferensiyalar tashkil etish, ilmiy ishlar to‘plamlarini nashr etish, tadqiqotlar o‘tkazish, grantlarda birgalikda ishtirok etish, qolaversa, ikkala oliy o‘quv yurtining akademik salohiyatini oshirish va tajriba almashib turishga kelishib olindi.

Muzokaralar davomida Ulyanovsk davlat texnika universiteti qoshidagi Xalqaro institut direktori P.Pazushkin ham O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari, xususan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va uni kengaytirish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Javlon SODIQOV,

SamDAQI matbuot kotibi.