SamDChTI va Malayziyaning Bayneri universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etiladi

Malayziyaning Bayneri universiteti, shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutlari o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik o‘rnatish maqsadida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda ilmiy va akademik dasturlar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari hamda o‘zaro takliflar muhokama qilindi.

Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Bayneri universiteti hamkorligida magistratura mutaxassisligida “Ta’lim menejmenti” qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish hamda Samarqand davlat chet tillar institutida malay tili o‘qitilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro muzokaralarni doimiy davom ettirishga, navbatdagi uchrashuvda hamkorlik memorandumini imzolashga kelishishdi.

Jarayon so‘ngida Bayneri universiteti rahbariyati Samarqand oliygohlari doktorantlarini Bayneri universitetiga o‘qishga qabul qilishini va bepul o‘qitishni ma’lum qildi.

Samarqand davlat chet tillar instituti axborot xizmati.