SamDChTI: Xorijiy tajribalar amaliyotga joriy qilinmoqda
O‘zining 30 yillik yubiley yoshini qarshi olayotgan Samarqand davlat chet tillar instituti nafaqat yoshlarga bilim berish, balki har tomonlama kamol topgan, jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradigan, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Shu bois, institut rahbariyati tomonidan ta’lim sifatini yaxshilash, mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazish maqsadida davr talablariga javob beradigan zamonaviy tipdagi o‘quv binolari, o‘qitishning texnik va texnik bo‘lmagan vositalari bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, axborot resurs markazlari barpo etilgan.
Shuningdek, kelajak vorislarini bilimli va ilmli qilib tarbiyalash, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishlari maqsadida ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar malakali, kasbiy kompetensiyasi yuqori bo‘lgan mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalangan holatda olib borilmoqda.
Mazkur oliy ta’lim muassasasi jahonning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Misr Arab Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi kabi chet mamlakatlarning universitet hamda institutlari bilan hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik aloqalari natijasi o‘laroq, talabalarning xorijiy davlatlarda tajriba almashish, tahsil olish va hatto ularning diplomlariga egalik qilish imkoniyatlari mavjud. Jumladan, o‘qitishning zamonaviy pedagogik texnologiyalaridan biri "Flipped learning" hisoblanadi. Ushbu metod professor-o‘qituvchilar tomonidan bevosita mashg‘ulotlar davomida qo‘llanilmoqda. Mazkur usul orqali dars mobaynida o‘qituvchilar o‘quvchilarning yanada faol bo‘lishini asosiy o‘ringa qo‘yadi.
"Flipped learning" metodining boshqa metodlardan farqi shundaki, yangi o‘tiladigan mavzu talabalarga uyga vazifasi qilib berilishi yoki uyga berilgan topshiriqlarni darsda va darsdan tashqari holatda tahlil qilishlariga undaydi.
Samarqand davlat chet tillar institutida yoshlarning faoliyati faqat ta’lim olish bilan chegaralanib qolmasdan, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli xil madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari ham muntazam tarzda tashkillashtirilib kelinmoqda. Shuningdek, talabalar turli xil ilmiy, ma’rifiy, intellektual va sport to‘garaklarida qatnashish orqali o‘zlarining qobiliyatlarini shakllantirish hamda rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa ularning kelajakda nafaqat o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, balki jamiyatning faol a’zolari bo‘lib yetishishlariga zamin yaratadi.
L.Abdullayeva,
N.Suleymanova,
SamDChTI ingliz tili nazariy aspektlari dotsenti.
S.To‘ychiyev,
katta o‘qituvchisi.