SamDChTIda qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalarga dars mashg‘ulotlari boshlandi
Samarqand davlat chet tillar institutida joriy yilning 12 mart kuni qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirib kelgan talabalarga dars mashg‘ulotlari boshlandi.
Hozircha 281 nafar talabaning 10 nafari kunduzgi ta’lim, qolgan 271 nafari esa kechki ta’lim yo‘nalishida o‘qishga qabul qilingan.
- Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga hujjat topshirib, o‘qishga kirolmagach, Qozog‘iston Xalqlar do‘stligi universitetiga suhbat asosida o‘qishga qabul qilindim. U yerda 1 semestr o‘qidim, 800 AQSh dollari miqdorida kontrakt puli to‘ladim, - dedi Zuhra Sangirova. – Mana bugun o‘qishimni ta’lim yo‘nalishim bo‘yicha ingliz tili fakulteti, xorijiy til va adabiyoti ta’limi yo‘nalishiga ko‘chirdim. Bizga berilgan bu imkoniyatdan juda xursandman.
- Sotim Ulug‘zoda nomidagi Dushanbe davlat institutiga 6 ming somon kontrakt puli asosida o‘qishga kirgandim, - deydi Aziz Muhiddinov. – Men ham Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, o‘qishga kirolmagach, Tojikistonga suhbat asosida o‘qishga kirdim. O‘qishimni vatanda davom ettirish imkoniyati tug‘ilganidan ota-onam juda mamnun.
Institutda kechki ta’lim yo‘nalishida talabalar 4 yilu 6 oy o‘qiydi. Darslar soat 17:30 dan 20:20 gacha davom etadi. Shuningdek, ular kunduzi ishlashlari ham mumkin.
- Biz hozircha 15 fevralgacha hujjat topshirganlar uchun dars mashg‘ulotlarini boshladik, - dedi institutning ingliz tili fakulteti dekani Otabek Yusupov. – O‘qishini ko‘chirishni istovchilar uchun hujjat topshirish 15 martgacha davom etadi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 martdagi buyrug‘iga asosan talabalarning hujjatlari institut tomonidan to‘liq tekshiriladi. Talaba qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida kamida oxirgi bir semestr o‘qigan bo‘lishi, shuningdek, ko‘chirilayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishida to‘liq o‘qigan bo‘lishi kerak.
Qo‘shni davlatlarda o‘qimaganligi yoki qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalarning o‘qishini ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida musofaviy ta’lim shakli bo‘yicha va onlayn tarzda tahsil olayotgan talabalarning ham o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etilmaydi. Talabalar hujjati to‘liq tekshirib bo‘lingach, ular rasman talabalikka qabul qilinadi.
Xurshida ERNAZAROVA.