SamDTI o‘qituvchilari Amerikaning Pittsburg universitetida malaka oshiradi
Samarqand davlat tibbiyot instituti 2020 yilda AQShning nufuzli universitetlaridan hisoblanuvchi Pittsburg universiteti bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuv doirasida Pittsburg universiteti delegatsiyasi kecha Samarqand davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari hamkorlik doirasida institutdagi o‘quv jarayoni, ilmiy tadqiqotlar olib borilishini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish yuzasidan fikrlar bildirdi. Bu borada aniq takliflar va tajriba almashish haqida kelishib olindi. Mazkur tashrif doirasida Samarqand davlat tibbiyot instituti va Pittsburg universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, kelajakda Samarqand davlat tibbiyot instituti o‘qituvchilari Amerikaning Pittsburg universtitetida malaka oshiradi.
- Samarqand davlat tibbiyot institutida olib borilayotgan o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot va davolash ishlari bilan tanishib, bu oliygohning kelajagi haqida ijobiy fikrlar aytish mumkin, - dedi delegatsiya rahbari, professor Margaret Mak Donald. - Pittsburg universitetidagi zamonaviy tibbiy ta’lim jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlaridagi ko‘pgina yutuqlarni Samarqand davlat tibbiyot instituti amaliyotiga joriy etish bo‘yicha bugungi uchrashuvda kelishuvga erishdik. Jumladan, o‘quv jarayoniga simulyasion texnologiyalarni, laboratoriyalar ishini to‘g‘ri tashkil etishni, o‘quv uslubiyotidagi yutuqlarni tadbiq qilishni rejalashtiryapmiz.
Ma’lumot uchun: 1787 yilda tashkil etilgan Pittsburg universiteti 17 ta kollej va maktabdan iborat bo‘lib, unda 35 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Pittsburg universitetining tibbiyot fakulteti nafaqat AQShning, balki jahonning yuqori reytingli tibbiyot universitetlari qatoridan joy olgan.