SamDTI rektori talaba-yoshlar bilan onlayn muloqot o‘rnatdi
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev institut talaba-yoshlari bilan ZOOM dasturi orqali onlayn tarzda ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda 450 nafar bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura talabalari hamda rektorat, dekanat xodimlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Rektor o‘z taqdimotida institutda oxirgi oylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim va tarbiya sohasida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida batafsil so‘zladi. Karantin sharoitiga qaramasdan, sidqidildan mehnat qilib, onlayn mashg‘ulotlarni tashkil etishda, elektron ta’lim resurslarini yaratishda hissasini qo‘shib kelayotgan ma’muriyat va professor-o‘qituvchilar hamda faol talabalarga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi. Institut rahbariyati va talabalar o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatish uchun yaratilgan “Taklif va shikoyatlar” nomli onlayn kanallarning samarali ekanligini alohida ta’kidladi.
Ochiq va samimiy tarzda o‘tgan muloqot davomida talabalar tomonidan ko‘plab savollar kelib tushdi. Ularning aksariyati o‘quv jarayoni, semestr yakuni va imtihonlarning o‘tkazilishi, yotoqxona bilan ta’minlash, kam ta’minlangan talabalarga yordam berish, faol va a’lo baholarga o‘qiydigan talabalarni rag‘batlantirish, talabalarning ilmiy ish bilan shug‘ullanishi, ustoz-shogird an’analarini tiklash va rivojlantirishga doir bo‘ldi. Shuningdek, qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirayotgan talabalarning ayrimlarining hujjatlari to‘liq yetib kelmagani ham keng muhokama qilindi. Bunday talabalarga rektor o‘quv yili yakuniga qadar imkoniyat berdi. Jasur Rizayev barcha savollarga batafsil javob qaytardi, ular bo‘yicha mas’ullar va javobgarlar tayinlandi.
Rektor ochiq muloqotda yangi o‘quv yilida tibbiy profilaktika va farmatsiya yo‘nalishlari fakultetga aylantirish rejalashtirilayotgani haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, institutda 2020-2021 o‘quv yiliga qabul qilinadigan talabalar soni 10 foizga oshishi kutilayotgani haqida ham to‘xtaldi.
Odilbek AHMEDOV.