SamDTU rektori Tojik davlat tibbiyot universitetining faxriy professori bo‘ldi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojik davlat tibbiyot universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ana shu hamkorlik doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev Tojik davlat tibbiyot universitetiga bordi.

J.Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Tojik davlat tibbiyot universitetida yaratilgan sharoitlar, ta’lim tizimi, laboratoriya va o‘quv faoliyati bilan yaqindan tanishdi, yosh olimlar va talabalarning «Yoshlar va tibbiyot innovatsiyasi: ertangi kunni qurish» mavzusida o‘tkazilgan XIX ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.

Tadbirlar doirasida universitet rektori Jasur Rizayevga Tojik davlat tibbiyot universitetining «Faxriy professori» unvoni topshirildi.

Qayd etilishicha, SamDTU delegatsiyasining Tojik davlat tibbiyot universitetiga tashrifi ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.