SamDTUda koronavirusga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlari sharafiga memorial majmua ochildi

Ushbu memorial majmuani «COVID-19» pandemiyasi davrida xalqimiz salomatligi yo‘lida jonini fido qilgan barcha tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiromning yorqin ifodasi, deyish mumkin.

Majmuaning tantanali ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

B.Musayev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlarining mehnati va ko‘rsatgan qahramonliklari, xalqimiz salomatligi yo‘lidagi fidoyi mehnati barcha uchun yuksak ibrat namunasi bo‘lganini ta’kidladi.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosidagi fundamental tibbiyot kafedralari, o‘quv-amaliy laboratoriyalar, talabalar innovatsion-inkubator markazi imkoniyatlari hamda universitet tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishdi.