SamDU ijodiy imtihonlar uchun chetdan mutaxassis chaqiradi

Davlat test markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 1 iyul kuni 18:00 holatida Samarqand davlat universitetida o‘qish istagini bildirib, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar 20336 nafarni tashkil etmoqda va bu respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.

 – O‘tgan yil universitetning 54 bakalavr ta’lim yo‘nalishida o‘qish uchun 74 mingdan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan edi – deydi Samarqand davlati universiteti qabul komissiyasi mas’ul kotibi R.Mirzayev. – Bu yil abituriyentlar soni o‘tgan yilgidan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. 2020-2021 o‘quv yili uchun universitetimizning kunduzgi shakldagi 49 ta’lim yo‘nalishida 3325 ta qabul kvotasi (763 ta davlat granti, 2562 ta to‘lov-kontrakt asosida) belgilangan. Shuningdek, sirtqida ta’lim shaklida 15 yo‘nalish bo‘yicha 1200 ta, 5 ta kechki ta’lim yo‘nalishida 375 ta o‘rin mavjud. Ta’lim yo‘nalishlarimiz bu yil optimallashtirilib, 5 taga qisqargan bo‘lsa-da, yurisprudensiya, biotexnologiya, noshirlik ishi, matematik injiniring, mevachilik va uzumchilik kabi yangi, istiqbolli yo‘nalishlar tashkil etildi. Yana bir yangilik bu yil universitetimizdagi ta’lim tojik tilida olib boriladigan yo‘nalishlar uchun ham abituriyentlar test sinovlari topshiradi. Shu paytgacha mazkur tilda o‘qiganlar ijodiy imtihondan o‘tardi. Alohida iqtidor talab qiladigan jismoniy madaniyat, tasviriy san’at singari 8 ta’lim yo‘nalishida talabalikka talabgorlar ijodiy imtihon topshiradi. Mazkur sinovlarning ochiq va shaffof, adolatli o‘tishi, bu jarayonda turli xil qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida universitetimiz rektori oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu sinovlarni o‘tkazish uchun yurtimizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan mutaxassislar yuborilishini so‘radi. Ularga barcha shart-sharoitni yaratib berishga tayyormiz. Ijodiy imtihonlarda universitetimiz professor-o‘qituvchilari qatnashmaydi.

Qabul komissiyasi mas’ul kotibining aytishicha, bugungi kunda qabul komissiya tomonidan Cool-markaz tashkil etilib, 25 nafar xodim navbat asosida faoliyat olib bormoqda. Ular abituriyentlar va ota-onalarning qabul bilan bog‘liq savollariga javob bermoqda. Ayni paytda ko‘pchilikni oliy o‘quv yurtlarida qizlar uchun ajratilgan kvotalar qiziqtirmoqda va shu bo‘yicha savollar ko‘p. Ayrim ota-onalar bu borada qabul komissiyasiga murojaat qilmoqda. Komissiya esa ushbu masala fuqarolarning o‘zini o‘zi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida ko‘rib chiqilib, xulosalar berilishini ma’lum qilmoqda.