SamDUning pedagogika instituti tashkil etiladi

Prezidentning  2020 yil 27 fevraldagi “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining pedagogika instituti tashkil etiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati bilan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim sohalarida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini shakllantirish mexanizmlar joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi o‘qishga maqsadli qabul qilingan talabalar bilan tegishli qabul yilining 1 dekabr kuniga qadar qarorda nazarda tutilgan majburiyatlarni aks ettirgan shartnomalar rasmiylashtirilishini ta’minlaydi.

Pedagogik faoliyatda umumta’lim fanlari muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilinadi. Bunda, qoida tariqasida, majburiy uchta fan bo‘yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkazilishi belgilanadi.