SamTI talabalari rektorga magistratura va klinik ordinaturaning yangi mutaxassisliklarini ochish taklifini bildirdi
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Azamat Shamsiyev bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda rektor talabalarga institutda oliy tibbiy ma’lumot olish uchun yaratilgan imkoniyatlar, xususan, joriy etilgan o‘quv jarayonining kredit-modulli tashkil etilishi, ta’lim resurslari va moddiy-texnik bazasi, talabalar bilimini xolisona baholashning shaffof mexanizmlari mavjudligi haqida gapirdi.
- Keyingi ikki yil ichida institut 4 ta qo‘shma ta’lim dasturi - magistratura, klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining Astraxan davlat meditsina universiteti, Ijevsk davlat meditsina akademiyasi, Kirov davlat meditsina universiteti, Koreya Respublikasining Seuldagi “Pushkin uyi” markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi, - dedi A.Shamsiyev. - Xorijiy hamkor universitetlar bilan xalqaro tajribalar yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi.
Ochiq suhbat tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talabalar rektorga magistratura va klinik ordinaturaning yangi mutaxassisliklarini ochish haqida savol va takliflar berdi.
Odilbek AHMEDOV.