“Saodati do‘sti” – ikki dilni bog‘lagan rishta

Samarqand viloyat Matbuot uyida “Ovozi Samarqand” gazetasi kutubxonasi turkumi ostida chop etilgan “Saodati dӯstӣ” (“Do‘stlik saodati”) kitobining taqdimoti hamda tahririyat tomonidan e’lon qilingan “Sayqali zamin” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari, “Ovozi Samarqand” gazetasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda matbuot faxriylari, yozuvchi va shoirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ijodiy anjumanda bugungi kunda o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini boshqa tillarga tarjima qilish va bu asosda adabiyotlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Saodati dӯstӣ” (“Do‘stlik saodati”) kitobining o‘rni xususida so‘z bordi.

- Ikki xalqning do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, tojik adabiyoti ixlosmandlarini o‘zbek she’riyati bilan oshno etish maqsadida chop etilgan bu kitobda mening ham she’rlarim tojik tiliga mohirona tarjima qilingan, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova. – Shu bilan birga, kitobda 60 nafar ijodkorlarning she’rlari tarjima qilinib, nashr etilgani bu ikki xalqni yanada birlashtiradi.

“Sayqali zamin” tanloviga 50 dan ortiq ijodiy asarlar kelib tushgan. Ular orasidan “Eng yaxshi she’r” yo‘nalishida Dilshoda Hazratqulova, “Eng yaxshi hikoya” yo‘nalishida Faridun Farhodzod birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

  Shuningdek, gazeta tahririyatiga qo‘shgan hissasi va hamkorligi uchun o‘nga yaqin ijodkor faxriylarga tashakkurnoma va kitoblar berildi.

Ma’lumot o‘rnida: “Ovozi Samarqand” gazetasi kelajakda gazeta qoshida “Tarjimonlik maktabi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishni hamda Samarqandda tojik tilida ijod qilayotgan ijodkorlarning ijod namunalaridan tarkib topgan majmuani chop etishni rejalashtirgan.

Husan ELTOYEV.