“Sariq” hudud toifasiga o‘tkazilgan Samarqand shahrida nimalarga ruxsat berildi?

Samarqand shahri “qizil” hududdan “sariq” hududga o‘tganligi sababli, qo‘shimcha ravishda yana 10 ta faoliyat turiga ruxsat berildi:

- avtomashinalar yuvish shoxobchalari faoliyati, avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga texnik xizmat (servis) ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati;

- nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari, zargarlik va gul sotish do‘konlari faoliyati;

- yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashish: Bunda yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lganda, shuningdek, yo‘lovchilar avtotransport vositasi salonining orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilganda, faqat o‘z hududida harakatlanishiga ruxsat beriladi;

- sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati: Sartaroshxona va go‘zallik salonlari – xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N 95 yoki 2 ta oddiy niqob), yuzini to‘liq to‘sadigan himoya maskasi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda, “1 ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – 1 ta mijoz” tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashga ruxsat beriladi;

- xususiy bandlik agentliklari faoliyati;

- mehmonxonalarga o‘z oshxonalarida ovqat pishirish hamda xonalarga yetkazib berish;

- park va istirohat bog‘lari (attraksionlar, ko‘ngilochar ob’yektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) faoliyati. Bunda park va istirohat bog‘lariga kirish karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda soat 09:00 dan 20:00 ga qadar 2 nafar shaxsdan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda (oilaviy guruhlar bundan mustasno) amalga oshiriladi;

- avtomototransport vositalari hadovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyati (bunda, nazariy mashg‘ulotlar masofadan turib (onlayn) o‘qitish orqali amalga oshirilishi, amaliy mashg‘ulotlar esa santariya talablariga rioya qilgan, shu jumladan, tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopdan foydalangan hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilgan holda tashkil qilinishi lozim);

- davlat tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat beriladi;

- avtotransport vositalari (stikersiz), mototransport (skuter) va velosiped harakati 06:00-22:00 oralig‘ida ruxsat berilmoqda.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.