Saudiya Arabistoni kompaniyasi Samarqandda 1000 MVtli quyosh elektr stansiyasi qurishi kutilmoqda
Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar tarqatdi. Ta’kidlanishicha, bugun Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish ishlarini boshlash marosimi bo‘lib o‘tgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi, ishga tushiradi, 25 yil davomida foydalanadi va boshqaradi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va ACWA Power kompaniyasi o‘rtasida Samarqand viloyatida quvvati 1000 MVt, Toshkent viloyatida quvvati 400 MVtli quyosh elektr stansiyalarini hamda 1200 MVt quvvatga ega avtonom elektr tokini jamlovchi batareyasini qurish bo‘yicha Investitsiyaviy bitimlar imzolangan.
Aytilishicha, mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 1 mlrd. kub/metr miqdorida tabiiy gaz tejaladi.
Ma’lumot uchun: ACWA Power kompaniyasi elektr stansiyalari, shuningdek, suvni chuchuklashtirish zavodlarini loyihalash, qurish, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Xodimlar soni taxminan 3500 kishidan iborat. Kompaniya Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritib keladi. ACWA Power portfeliga 38,7 GVt.dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega ob’yektlar kiradi.