Nurobod va Samarqand tumanida yer sotayotgan firibgarlar ushlandi
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim mansabdor shaxslar hamda fuqarolar qonunga xilof ekanligini bilib turib noqonuniy ravishda yer sotish bilan shug‘ullanib kelishi hamon uchramoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Nurobod va Samarqand tumanlarida olib borgan tadbir natijalari misol bo‘ladi.
Jumladan, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassisi, Samarqand shahrida yashovchi, B.M. hamkasblari - J.Sh., F.M. va B.U. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, Nurobod tumani, “Sazag‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Quality Dairy Farm” MChJga qarashli 78 gektar lalmi yer maydonini mahalliy fuqaroga 135 ming AQSh dollariga sotib olishni taklif qilgan.
Ular yer maydonini “qo‘li uzun” tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishiga ishontirib undan 35 ming AQSh dollarini “avans” sifatida olgan vaqtida ushlangan.
Bu kabi holat Samarqand tumanida ham kuzatilgan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi Samarqand tumani bo‘limi katta inspektori D.R. o‘ziga tegishli fermer xo‘jaligining 20 gektar yer maydonini xaridorga 50 ming AQSh dollari evaziga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, undan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.