Jomboyda 23 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan kimsa ushlandi
Samarqand viloyat IIB boshlig‘i nomiga Samarqand tumani Qaynama mahallasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.
Unda Jomboy tumani Qoraki qishlog‘ida yashovchi B.N. Qoramo‘yin mahallasidagi tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 0,25 gektar bo‘sh yer maydonini 23 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, tuman kadastr xizmatida ishlovchi J. ismli shaxs orqali ushbu yer maydonini tuman kadastr bo‘limidagi kompyuter bazasiga unga tegishli ekanligi to‘g‘risida ma’lumot kiritib berishi uchun, ariza muallifidan 1000 AQSh dollari va jami 24 ming AQSh dollari miqdorida pullarni talab qilib kelayotganligini ma’lum qilgan.
Mazkur arizaga asosan kecha, 7 yanvar kuni Samarqand viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida Jomboy tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda B.N. va Kadastr agentligi davlat kadastrlar palatasi Jomboy tumani filialida ishlovchi O‘.J. ariza muallifidan 24.000 AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.