Yer savdosi: qo‘lga tushmaganlarning oshi «halol»mi?
Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yerni noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq holatlar haqidagi xabarlar ko‘p tarqalmoqda. «50 sotix yerni 97 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi», «Hokimiyat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lishdi»...
Shunday tasavvur hosil bo‘ladiki, agar qonunbuzarlar qo‘lga tushmaganida, bu ishni osongina amalga oshirishi mumkin edi. Aslida ham shundaymi? Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulovga shu va boshqa dolzarb savollar bilan murojaat qildik.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil viloyatda uy-joy va yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq 12 ta qonunbuzarlik qayd etilgan. Bu hozircha aniqlanganlari. Agar qonunbuzarlar jinoyat ustida fosh etilmasa, yopig‘li qozon yopig‘lig‘icha qolaveradimi?
– Afsuski, yer sotish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar hamon uchrab turibdi. Vaholanki, Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli farmoni bilan jarayon to‘liq isloh qilinib, yer berish, sotishga oid aniq tartib va qoidalar ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra, bugun yer uchastkalari xususiy sektorga mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar esa ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida taqdim etiladi. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilingan.
Fuqarolar yodida tutishi kerak, respublikamizda yer olish faqat qonuniy asosda, onlayn auksion orqali amalga oshiriladi. Boshqacha shaklda yer «sotib» olinsa, u qonuniy hisoblanmaydi hamda ertami-kechmi «cho‘mich»ga chiqadi.
– Yer bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni aniqlash, oldini olishda Kadastr agentligi tizimidagi tashkilotlarning o‘rni qanday?
– Kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri yer va kadastr nazorati ishlarini amalga oshirish hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashdir. Shu bois tizimdagi boshqarma hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan yuqorida tilga olingan farmon ijrosini ta’minlash, xususan, yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlarining oldini olish, yer nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha tizimli o‘rganish ishlari olib boriladi.
2023 yilning 11 oyida viloyatda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1970 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Bunda jami 448,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.
Bugungacha 856 holatdagi 210,6 gektar yerni noqonuniy egallash bartaraf etilib, yer maydonlari asl holiga qaytarildi. 864 ta ish sud tartibida ko‘rib chiqilishi uchun da’vo arizalari kiritildi. 195 holatda esa yerni egallab olish bilan bog‘liq jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli yig‘ilgan hujjatlar hududiy prokuratura organlariga taqdim qilindi. Bundan tashqari, shu davrda 2000 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
– 448 gektar yer kichik hudud emas. Aytingchi, yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlarga qanday jazo choralari belgilangan?
– Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi, deb ko‘rsatilgan.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish esa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga uch yuz baravari miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Kodeksning 68-moddasiga ko‘ra, tasdiqlangan yer tuzish loyiha hujjatlaridan tegishli ruxsat bo‘lmay turib chetga chiqish, xuddi shuningdek, tegishli organlar bilan kelishmay turib ob’yektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish va ularni foydalanishga topshirish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish, yerlardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni buzib ko‘rsatish, axborotlarni berishdan bo‘yin tovlash yoki noto‘g‘ri axborot berish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Aytish joizki, ba’zi fuqarolar yerga bino qurib olsam, davlat hujjatlashtirib beraveradi, degan noto‘g‘ri tushuncha bilan shu ishga qo‘l urmoqda. Bugun kadastr sohasi eng so‘nggi texnologiyalar asosida ish olib boradi. Ya’ni, zarur bo‘lsa, yer uchastkasining bir necha yillik holatini kosmik suratlar asosida tekshirish imkoniyati ham mavjud. Shu bois bunday shaxslar o‘ziga jabr qilgani qoladi.
– Fuqaro yer bilan bog‘liq qonunbuzilishiga duch keldi deylik. U kimga va qanday murojaat qilishi mumkin?
– Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash yoki ulardan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida Kadastr agentligining 1097 qisqa raqamli «Ishonch» telefoni ishga tushirilgan. Shuningdek, fuqarolar agentlikning e_yernazorat_bot telegramm boti orqali yoki Kadastr.uz sayti orqali ham murojaat qilib, tegishli foto va video ma’lumotlarni yuborishi mumkin.
Viloyatimizda Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi «Ishonch» telefonlari (+998 78-210-01-33, +998 78-210-01-34) ham doimo ishchi holatda. Ularga nafaqat fuqaro va yuridik shaxslar, balki soha xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik yoki korrupsion harakatlar yuzasidan ham murojaat qilish mumkin.
– Korrupsiya haqida gapirganda, keyingi paytlar davlat tasarrufidagi yer maydonlarini pullash holatlari fosh etilmoqda. Bunda kadastr sohasi xodimlarining ham qo‘li borligi ta’kidlanyapti...
– Qanchalik achinarli bo‘lmasin, haqiqatni tan olishimiz kerak. Noqonuniy yer sotish holatlariga kadastr sohasi xodimlari ham ishtirokchi bo‘lib qolmoqda. 2023 yilning o‘zida boshqarmaning quyi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 4 nafar xodim ayni qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Buning oldini olish uchun profilaktik tadbirlarga zo‘r berganmiz. Shuningdek, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarni aniqlash va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanyapti. Jumladan, o‘tgan yili 650 nafardan ortiq xodimga profilaktik tushuntirish berilib, xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan 8 nafari ogohlantirildi.
Intizomga rioya etmayotgan, vazifasini vijdonan bajarmayotgan xodimlar fuqarolarda tizimdan norozilik kayfiyatini uyg‘otadi. Shu bois boshqarma hamda uning tuman, shahar bo‘limlarida tizimli monitoring tadbirlari o‘tkazilib, xodimlarning malakasi oshirib borilmoqda.
Asqar Barotov suhbatlashdi.