Savdo urushi: Xitoy Trampga energiya tariflari bilan javob beradi. Shimoliy Koreya qo‘shinlarini Rossiyadan olib chiqdi

🔹 Xitoy bir qator Amerika tovarlariga javob tariflari o‘rnatishi va Google internet giganti ustidan monopoliyaga qarshi tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoy tovarlariga qo‘ygan 10 foizlik boj kuchga kirishi bilanoq paydo bo‘ldi. Xitoy Savdo vazirligi AQShning ko‘mir va suyultirilgan gaziga 15 foizlik bojlar, shuningdek, neft, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yirik transport vositalariga 10 foizlik bojlar joriy etmoqchi. Xitoyning javob choralari 10 fevraldan kuchga kiradi.

🔹 NATOning sobiq bosh kotibi Yens Stoltenberg Norvegiyaning yangi moliya vaziri bo‘ldi. Stoltenberg ikki marta Norvegiyaning sobiq bosh vaziri bo‘lgan va 2014 yildan 2024 yilgacha NATO Bosh kotibi lavozimida ishlagan.

🔹 Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatidan olib chiqib ketilgani va jangovar harakatlarni to‘xtatgani aytilmoqda. O‘tgan yilning oktyabrida Shimoliy Koreya bir necha ming askarlarini Rossiyaga jo‘natgani haqida xabar berildi. Keyinchalik Shimoliy Koreya minglab askarlarini yo‘qotgani aytildi.

🔹 Ukraina harbiy yordam evaziga AQShga noyob qazilma rudalarini berishni ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq Donald Tramp AQSh harbiy yordam evaziga Ukrainadan shunday javob olmoqchi ekanini aytgandi.

🔹 Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Fransiyaning “Patriotlar” partiyasi yetakchisi Florian Filippotning ma’lum qilishicha, Richard Ferranning Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi rahbari etib tayinlanishi, agar qonuniy chegara bo‘lmasa, Makronga uchinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yish imkoniyatini beradi. Uning ta’kidlashicha, bu tayinlanish tasodifiy emas, balki davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rish ehtimolidan dalolat.

🔹 Germaniyada rossiyalik oligarx Alisher Usmonovga tegishli villa sotuvga qo‘yildi. Bunga uning offshor kompaniyasining sanksiyalar tufayli katta qarzlari sabab bo‘lgan. Bavariyadagi Tegernzeye ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan uy zamonaviy Germaniyadagi eng qimmat mulkka aylandi. Uning narxi 25 million yevroni tashkil qilgan.

🔹 Hindiston rupiyasi va turk lirasi AQShda Kanada, Meksika va Xitoyga import bojlari e’lon qilinishi ortidan tarixdagi eng past darajaga yetdi.

🔹 Eronlik olimlarning maxfiy guruhi yadro yoqilg‘isi zaxiralarini bir yil yoki undan ko‘proq emas, balki bir necha oy ichida qurolga aylantirish ustida ishlamoqda. 4-5 ta yadro kallaklarini yaratish uchun 60 foizgacha boyitilgan uran yetarli bo‘lsa, 90 foiz boyitish darajasiga erishish uchun bir necha kun kerak bo‘ladi.