Saylovga muddat oz qoldi, biz tayyormizmi?
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi majlislar zalida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiya raisi o‘rinbosari S.Artikova rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi.
Unda respublikamizning barcha viloyatlarida saylovga tayyorgarlik jarayonlarining borishi eshitildi.
Samarqandda bu jarayonning borishi to‘g‘risida viloyat ko‘maklashuvchi komissiya raisi N.Rabbimova ma’lumot berdi.
Jumladan, bugun viloyatda 1094 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularda 3792476 nafar aholi istiqomat qiladi. 18 yoshdan oshgan saylovchilar 2435931 nafarni tashkil etib, ular orasidan 294186 vakillar saylab olindi. 1094 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruhlar samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ularni konselyariya mollari bilan ta’minlash maqsadida viloyat moliya boshqarmasi tomonidan 450 mln.so‘m pul mablag‘i tuman (shahar) hokimliklarining hisob raqamlariga o‘tkazib berildi va kanselyariya mollari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Samarqand shahridagi aholi tashuvchi avtobus, tramvaylarda ham aholi faolligini oshirish maqsadida “May oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda munosib mahalla raisini saylashda faol bo‘laylik!” degan chaqiriqlar tashkil etildi. Shahardagi Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Rudakiy ko‘chalarining aholi gavjum joylariga saylovga oid chaqiruvlar yozilgan bannerlar ilindi. Bunday ishlar tuman (shahar)larda ham amalga oshirildi.
Saylov o‘tadigan ob’yektlarda obodonlashtirish ishlari tashkil etilib, jamoat xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi va yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlash, tez yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, saylovchilar uchun saylov o‘tadigan manzillarda madaniy dasturlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Viloyat bo‘yicha fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkaziladigan 1094 ta manzil va ob’yektlar belgilab olindi va ularning ro‘yxati shakllantirildi.
Jumladan: 783 tasi umumta’lim maktablarida, 106 tasi kasb-hunar kollejlari binosida, 169 tasi MFY binosida va boshqa joylarda o‘tkazilishi belgilandi.
Saylov o‘tadigan manzillarda 4 tadan 8 tagacha saylov kabinalari, ovoz berish qutilari tashkil etildi.
Viloyat ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari, Adliya bo‘limlari xodimlari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida joriy yilning 25 mart kunidan 25 aprel kuniga qadar viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida tushuntirish targ‘ibot tadbirlari tashkil etilgan holda, viloyat televideniyasi bilan hamkorlikda saylovni tashkil etish bo‘yicha namunali 7 daqiqalik video rolik ishlab chiqilib, ushbu video rolik targ‘ibot tadbirlarida hamda viloyat teleradiokompaniyasi, radio orqali efirga uzatilmoqda.
Vakillarning saylovda faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida “Fuqarolar yig‘ini raisi oqsoqoli) saylovida faol ishtirok etish – jamiyatning rivojlanish garovidir” mavzusida tarqatma materiallar tayyorlandi va tuman shahar ko‘maklashuvchi komissiyalarga yetkazildi.
Saylov bo‘yicha tashkil etilgan va o‘tkazilgan tadbirlar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilmoqda.
Xususan, “Zarafshon” gazetasida “Mahalla raisi saylovi – 2019” rukni tashkil etilib, fuqarorlar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi bilan bog‘liq materiallar doimiy berilmoqda.
Viloyat, tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalari hamda mahallalarda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruhlari uchun Telegramm messendjeridagi “SAYLOV-2019 SAMARQAND” https://t.me/saylov2019samarqand yo‘lga qo‘yildi. Ushbu telegramm messendjeriga viloyat, tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalari hamda mahallalarda tashkil etilgan Ishchi guruhlari a’zolari guruhga qo‘yildi. Bugungi kunda Ishchi guruh a’zolari hamda fuqarolarni qiziqtirayotgan savollarga telegramm messendjeri orqali javob berilmoqda.
Bundan tashqari, viloyat kengashining WWW.SAMMAHALLA.UZ saytida rukn yaratilgan holda saylov jarayonlari yoritib borilmoqda. Viloyat Matbuot uyida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 3 marta brifing o‘tkazildi.
Viloyat mahallalar kengashi mas’ul xodimlarining viloyat televideniyesida “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida ishtirok etilib, teletomashabinlardan fuqarolar yig‘ini saylovi bo‘yicha tushgan savollarga javoblar berildi.
Husan ELTOYEV.