Sayyor qabul – xalq bilan ochiq va faol muloqot
Hozirda inson manfaatlarini ta’minlash uchun avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerakligiga alohida urg‘u berilmoqda.
Yurtimizda xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish ularning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratishdan iborat. Aynan shu maqsadda bugun viloyat hokimi boshchiligida viloyat sektor rahbarlari va tashkilot rahbarlari ishtirokida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Yoshlik" istirohat bog‘ida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda Toyloq tumanidan tashqari barcha tuman va shaharlaridan fuqarolar o‘z murojaatlari, muammolari bilan qatnashdi.
Kattaqo‘rg‘onda o‘tkazilgan bu galgi qabulda fuqarolar tomonidan asosan uy-joy bilan ta’minlash, aliment pulini undirish, sog‘liqni saqlash, bandlikni ta’minlash sohalari bo‘yicha muammolar bildirildi.
Olti soatdan ortiq davom etgan qabulda 891 nafar fuqaro o‘zlarini qiynayotgan 1500 dan ortiq muammolari bilan murojaat qildi. Har bir murojaat viloyat hokimligi tomonidan onlayn tizimda ro‘yxatga olinib, atroflicha muhokama etildi. Har bir masala ijrosiga tegishliligi bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.
Qabul yakunida bir haftadan so‘ng dastlabki natijalar viloyat hokimligida muhokama etilishi belgilandi.