«Sayyor qabulda farzandlarim dardiga shifo topdim»

Ishtixon tumanidagi "Qo‘rli" mahallasi hududida joylashgan 70-o‘rta umumta’lim maktabida Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davron Jumaniyozov sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda hududga qarashli qishloqlarda istiqomat qilayotgan 112 nafar fuqaro salomatliklarini saqlash hamda tibbiyotga oid muammo va kamchiliklar haqida murojaat qildi.

- Olti yoshli egizaklarimda ko‘z g‘ilayligi nuqsoni bor, - deydi Kartepa mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Berdirasulova. - Ularni davolatish uchun qayerga va kimga murojaat qilishni bilmasdim. Bugungi sayyor qabulda farzandlarimni viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolatishim uchun yo‘llanma berishdi. Bundan juda xursandman.

Sayyor qabulda Ishtixon tumani markazi, Zarband va Safoxo‘ja mahallalarida yashovchi 3 nafar fuqaroning ham murojaatlari joyida hal etildi.

            Eldor MUHAMMADIYEV.