Sazag‘onda bo‘lganmisiz? Yoki tog‘oldi qishlog‘idan kichik lavha

Nurobod tumanidagi shunday manzil haqida nafaqat viloyatimizda, balki butun respublikamizda eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Negaki, purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan bu qishloq uzoq yillik tarixga ega. Shunga monand o‘zining rivojlanish yo‘liga ham.

Albatta, boshqa joylarda bo‘lgani kabi bu yerda ham muammolar yo‘q emas. Ammo...

Tosh davridan qolgan makon

Qishloq tarixi bilan qiziqib ko‘rsangiz u o‘lkamizdagi eng qadimiy manzillardan biri ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Bir guruh olimlarning fikricha, Sazag‘on madaniyati Markaziy Osiyo neolit madaniyatlari tizimida mustaqil madaniyat hisoblanadi.

Qishloqdan 1964 yilda Mavlon Jo‘raqulov boshliq arxeolog olimlar tomonidan neolit davri yodgorligi topilgan. Hozirgi kunga qadar davom etayotgan tadqiqotlar natijasida bu makondan tog‘li jamoalarga xos ko‘plab tosh qurollar topib o‘rganilgan.

Ushbu madaniyatni o‘rganish natijasida Zarafshon vohasi tog‘oldi mintaqalarida yashagan neolit jamoalarining turmush tarzi, ma’naviy dunyosi, xo‘jaligi, madaniy aloqalari masalalari bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlar to‘plangan. Xususan, Sazag‘on makonidan topilgan yorg‘uchoq, qadamatosh (o‘roq) tig‘lari ziroatchilikdan, qo‘y, echki suyaklari esa chorvachilikdan dalolat beradi. Ammo topilmalarning umumiy tahlili bu jamoalarning asosiy xo‘jaligi ovchilik va terimchilik bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Qayd etish lozimki, Sazag‘on arxeologik yodgorliklarida olib borilgan qazishmalar chog‘ida topilgan arxeologik ashyolar, jumladan, tosh qurollar - tosh o‘zaklari, qirg‘ich, keskich, teshgich hamda sopollar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining «O‘zbekiston dunyo madaniyatlari chorrahasida» ekspozitsiyasiga kiritilgan.

Qo‘shimcha daromad qanday olinadi?

Hududda «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, «Sazag‘on» mahallasini parrandachilikka ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalashtirilgan. O‘tgan yili mahalla aholisiga “Navobod naslli parranda” MChJ tomonidan yetishtirilgan 10 mingdan ziyod broyler jo‘ja tarqatilgan. Natijada 50 ga yaqin xonadon parrandachilik bilan doimiy shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lgan. Mahalla ahlining aytishicha, 30-35 kunda tayyor bo‘lgan mahsulotni korxonaning o‘zi xarid qilgani go‘shtni sotish muammosiga o‘rin qoldirmagan.

- Bu yil hududda asalarichilik bo‘yicha ana shunday tizimni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti, - deydi “Agrobank” tuman filialidan mahallaga biriktirilgan vakil Abdulla Hamidov. – Bu orqali yana 50 oila qo‘shimcha daromad olishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, qishloqdagi tikuvchilik sexida 10 dan ortiq xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan.

Odamlar azaldan chorva bilan shug‘ullanib kelgani uchun bugun ham bu ishga qiziqish kuchli. Shu bois, intilishi va sharoiti bor xonadonlarga mayda shoxli zotdor qoramol olib berish choralari ko‘rilmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan 3 nafar yigitga 29 million so‘mdan kredit ajratildi. Ta’minotchi korxona ularga hademay qo‘zilaydigan 10-11 ta qo‘y keltirib berdi.

Kambag‘allar yo‘q qishloq

- Hududdan “yozuvchi” chiqmagan, - deydi biz bilan suhbatda Sazag‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Havoya Rahmonova. – Negaligini bilasizmi? Chunki bizda bekorchi, “olma pish, og‘zimga tush”, deydigan odam yo‘q. Masalan, mahallamizda 1016 ta oila bo‘lsa, 718 ta xo‘jalik ro‘yxatga olingan. Qaysidir oila ota uyida, boshqasi aka-uka bir hovlida bo‘lishiga qaramay, menga uy-joy ber, deydiganlar yo‘q. Chunki yer bor, imkoniga qarab bu yil, bo‘lmasa keyingi yil hovli qilib oladi.

To‘g‘ri, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yuritganmiz. Unga kiritilganlar imkon qadar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, “Ayollar daftari”da 30 kishi ro‘yxatga olingan. Shu paytgacha doimiy daromadga ega bo‘lgan 8 kishini ro‘yxatdan chiqardik. “Yoshlar daftari”dagi 45 nafar yigitlardan 6 nafarining bandligi ta’minlandi.

Bunda bizga birinchi navbatda hududning qulay geografik joylashuvi muhim omil bo‘lmoqda. Negaki, 10-15 kilometr masofadagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda 100 ga yaqin ayollarimiz ish bilan ta’minlangan. Tongda ikki-uch avtobus olib ketib, kechki payt keltirib qo‘yadi.

Bundan tashqari, o‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q. 1-sektor mas’ullari va boshqa mutasaddilar ko‘magida tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun subsidiya asosida issiqxona qurib berilyapti, qishloq xo‘jaligi texnikalari, ayollar uchun pishiriq va tikuv uskunalari ajratilyapti. Shu orqali tez kunlarda “daftar”larda ro‘yxatimizni tugatishni rejalashtirganmiz.

Maqtanish bo‘lsa-da, aytish kerak: mahallamizda tabirkorlikning har bir turidan bor. Oddiy misol, qishlog‘imizda dorixonadan tortib, o‘nlab hammomgacha bor.

Muammo yo‘q, desam yolg‘on bo‘lar...

Nahotki, hududda muammo bo‘lmasa, degan savolimizga mahalla raisi shunday deb javob berdi.

- Hududdagi simyog‘ochlar ma’nan eskirgan. Ular bosqichma-bosqich temir-beton ustunlarga almashtirilyapti, - deydi H.Rahmonova. – Qishda loy, yozda chang bo‘lib yotadigan 2 kilometr, balki undan ko‘proq yo‘lga aholining kuchi bilan tosh to‘kildi. Muammo qayerda yo‘q, deysiz?!

Opa haq, hamma yerda ham muammo bor. Ammo gap unga mutasaddilarning nechog‘lik e’tibor qaratayotganida. Misol uchun, mahallani aylanarkanmiz, ichki yo‘ldagi qachonlardir qilingan asfalt ko‘cha bugun ta’mirtalab holga kelganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, rais nolimagan bo‘lsa-da, “Ayollar daftari”da qo‘li kalta, kamiga nogironligi bor ikki fuqaroning uy-joyini ta’mirlashga yordam zarur.

Darvoqe, qishloq o‘rtasidan O‘rtabel dovoni yonidagi buloqdan boshlanuvchi Sazag‘onsoy oqib o‘tgan. Uning ajib manzarasi har qanday sayyohni befarq qoldirmaydi. Gap faqat uni targ‘ib qilish, mehmonlarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratishda.

O‘ylaymizki, mutasaddilar bu jihatlarga e’tibor qaratishadi.

Yo.Marqayev.