Senat: Chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash zaruriyati tug‘ildi

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning globallashuvi tez chuqurlashayotgan, xo‘jaliklararo aloqalar rivojlanayotgan hamda xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda milliy va xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy omillaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil va sud mahkamasidan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamada aks etganidek, O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, shuningdek, xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarning chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash zaruriyati tug‘ildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishidan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad – nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish kabi masalalar ekanligi ta’kidlandi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekiston nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangan fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni ta’minlashga imkon yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va e’lon qilingan kundan olti oydan keyin kuchga kirishini inobatga olib, mutasaddi idoralarga uni keng targ‘ib qilish va to‘liq ishlab ketishi uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqib, joriy qilish topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.