Senat nazorati ostida 71 yoshli onaxonning muammosi hal etildi

Shu kunlarda internet tarmog‘ida 71 yoshli surxondaryolik ayolning fuqarolik pasportini ololmay sarson bo‘lib yurgani haqidagi xabar tarqaldi.

Holat o‘rganilda 1950 yilda Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Zibayda Mirzayeva o‘ziga tegishli fuqarolik pasportini yangi turdagi biometrik pasportga almashtirish maqsadida 2018 yilda tuman ichki ishlar idorasiga hujjat topshirgani, idora tomonidan ayolga texnik sabablarga ko‘ra fuqarolik pasportini berish rad etilgani va shu vaqtga qadar pasport ololmay sarson bo‘lib yurgani ma’lum bo‘lgan.

Fuqaro mazkur masalaga oydinlik kiritish va o‘z pasportini tiklab berishni so‘rab bir necha bor tuman ichki ishlar bo‘limiga og‘zaki murojaat qilgan. Lekin masala shu kunga qadar hal etilmagan.

Mazkur holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, qisqa vaqt ichida o‘rganildi.

Natijada masala ijobiy hal etilib, 6 avgust kuni Z.Mirzayeva nomiga Qumqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (ID kartasi) rasmiylashtirib berildi.

Bugungi kunda Z.Mirzayevaning og‘zaki murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish choralarini ko‘rmagan Qumqo‘rg‘on tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Oliy Majlis Senati axborot xizmati.