Senator fuqaroning to‘liq davolanishida yordam bermoqda

Oliy Majlis Senatida fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining aniq mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yil boshidan shu kunga qadar parlament yuqori palatasiga 5784 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 452 tasi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasiga yo‘llangan. Ular senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal qilib kelinmoqda.  

Ta’kidlash joizki, Senat a’zolari xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali hududlardagi real holatni o‘rganib, muammo va kamchiliklarni hal etishmoqda.  

Yana bir jihat, karantin davrida fuqarolar Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi hamda Senat Raisining “facebook.com”dagi rasmiy sahifasi orqali ham murojaat yo‘llashmoqda. Namanganlik Maftuna shular jumlasidandir.

U Oliy Majlis Senati Raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali o‘z salomatligini tiklash borasida amaliy yordam so‘ragan. Qayd etilishicha, 18 yoshli Maftuna baxtsiz hodisa tufayli og‘ir tan jarohati olgan. Ya’ni kuyish tan jarohati o‘zining asoratlarini qoldirgan.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov ushbu fuqaro bilan uchrashib, uning murojaatni o‘rgandi. Senator Maftunaning davolanishida amaliy yordam berdi. Jumladan, O‘zbekistondagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yuritayotgan tibbiyot olimi, chet ellik tajribali shifokor ko‘rigidan o‘tishini tashkillashtirdi. Unga jarrohlik amaliyotini o‘tash hamda dori-darmon bilan ta’minlash borasida moddiy-ma’naviy ko‘mak berishini bildirdi.

– Avvalo, davlatimiz tomonidan so‘nggi yillarda tibbiyotga, ayniqsa, xususiy sektorga berilayotgan e’tibor va imtiyozlar bugun o‘zining ijobiy samarasini berayotganini alohida ta’kidlash joiz, – dedi senator N.Abdullaxanov. – Guvohi bo‘lib turganimizdek, xususiy tibbiyot klinikalarida ham chet eldan malakali shifokorlar jalb qilinib, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu esa fuqarolarimizning chet elga mablag‘ sarf qilib borishi, vaqtini yo‘qotishi, ovoragarchiligining oldini olmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi haqida gapirganda, har bir fuqaroning murojaati bo‘yicha mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi. “Senatorlar maktabi”da bilyapmizki, yo‘llangan ariza va shikoyatlarning  ichiga kirib, muammoni joyiga chiqib o‘rganish maqsadga muvofiq. Xuddi shunday men ham fuqaro bilan bog‘lanib, uning dardini tinglayman va holatni to‘liq o‘rganaman.

Bugungi tashkillashtirilgan tibbiy ko‘rik ham Senatga yuborilgan murojaat yuzasidan qilindi. Ko‘rganingizdek, qizimiz og‘ir tan jarohati olgan. Biroq undagi umidni so‘ndirmaslik kerak. Eng muhimi ham shu aslida. Shu bois Maftunaga, uning ota-onasiga dalda bo‘lib, qo‘ldan kelgancha amaliy yordam berishga tayyormiz. 

Boliviyalik tajribali shifokor Vladimir Tapiya Fernandes Maftunani ko‘rikdan o‘tkazib, uni davolash istagini bildirdi.