Senator kim? Senatning yangi tarkibi professional darajada shakllandimi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida bu savollarga aniq javob berdi: «Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson. U chuqur bilim, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, tinimsiz mehnat qilib, tashabbus ko‘rsatib yashaydigan, xalq manfaatlarini doimo birinchi o‘ringa qo‘yib, o‘z taqdirini el-yurt taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘radigan shaxsdir.
Senatning yangi tarkibi ancha yuqori professional darajada shakllandi. Buni Senat a’zolarining 20 nafarini iqtisodchilar, 19 nafarini muhandislar, 13 nafarini pedagoglar, 7 nafarini huquqshunoslar, 6 nafarini tibbiyot xodimlari, 5 nafarini agronomlar, 4 nafarini jurnalistlar hamda 12 nafarini jamoat tashkilotlari vakillari tashkil etgani, ularning orasida 16 nafar fan doktori, 12 nafar fan nomzodi mavjudligi ham tasdiqlaydi. Shuningdek, Senat a’zolarining salkam 25 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu esa yuqori palataning faoliyati yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etilishidan dalolat beradi».