Senatorlar Prezident xavfsizlik xizmatiga oid qonunni ma’qullashdi

Bugun, 29 may kuni Oliy Majlis Senatining XV yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonunini qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslanadi:

birinchidan, 2018 yilning yanvar oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yopiq qarorlari bilan tartibga solingan bo‘lib, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy xujjatlar mavjud emas;

ikkinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati maxsus vakolatli organ hisoblanib, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqiy, tashkiliy, qo‘riqlash, rejim, tezkor-qidiruv, muhandislik-texnik va boshqa tadbirlar majmuini amalga oshiradi.

Bunda Prezident davlat xavfsizlik xizmati tezkor-xizmat faoliyatining alohida jihatlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etadi.

Xususan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida qo‘riqlanuvchi shaxslar manfaatlarini ko‘zlab, qo‘riqlash tadbirlari o‘tkazilayotgan joylarda erkin harakatlanishni, qo‘riqlanuvchi shaxslarning bo‘lish ob’yektlari atrofida va harakatlanish yo‘nalishlarida turli xil ob’yektlarning qurilishi va rekonstruksiyasini, qo‘riqlanuvchi shaxslarga va ular bo‘lish ob’yektlarida xizmat ko‘rsatishga bevosita jalb etilgan tashkilotlarning mehnat faoliyati amalga oshirilishini va boshqa xarakatlarini cheklaydi;

uchinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari hamda qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan boshqa huquqni muxofaza qiluvchi organ va kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘qotar qurolni qo‘llashning aniq tartibi belgilanmagan.

Shu munosabat bilan qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish ko‘zda tutilgan:

- qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida qo‘llaniladigan umume’tirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va to‘g‘ri qo‘llash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;

- qo‘riqlanishi belgilangan qo‘riqlanuvchi shaxslarning toifasi;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida boshqa davlat organlari bilan xamkorlik qilish masalalari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmatining shaxsiy tarkibini butlash tartibi, harbiy xizmatchilarining maqomi, huquq
va majburiyatlari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan haqiqiy harbiy xizmat o‘tashning alohida jihatlari, ularga harbiy unvon berish va kasbiy tayyorgarligini tashkil etish;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi kafolatlari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini xizmat guvohnomalari, jetonlar va harbiy kiyim-kechak bilan ta’minlash masalalari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishining batafsil shartlari va tartibi;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqiy asoslarini takomillashishiga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uyg‘unlashishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.