Senatorlar urgutlik yoshlar muammosini o‘rgandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev hamda Senat a’zolari Farhod Boqiyev va Farmon Toshev Urgut agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejida tumandagi So‘fi, O‘roqboyjar, Qayroqli va Jartepa qishloqlarida yashovchi yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbir avvalida B.Sayfullayev yoshlarga parlament yuqori palatasi, uning tuzilmalari faoliyati, yoshlarni san’at, madaniyat, sport va tadbirkorlikka jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng senatorlar urgutlik yoshlarning Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus asosida kitobxonlik, san’at, sport va yoshlarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq ko‘rgazmali chiqishlari bilan tanishdi. Ijodkor, izlanuvchan, tadbirkor, g‘ayratli yoshlar bilan muloqotlar jonli kechdi. Yoshlarning orzu-maqsadlari bilan qiziqib, taklif va mulohazalarini eshitdi. Ular Senat a’zolariga o‘zlarini qiziqtirgan masala va o‘ylantirayotgan muammolarini ochiq-oydin bildirishdi. O‘z navbatida, senatorlar bandlik, yoshlarning ilmiy faoliyatini izchil davom ettirish, shuningdek, ta’lim sifatini yaxshilashga e’tibor qaratish, imtiyozli bank xizmatlaridan foydalanish kabi masalalarni atroflicha muhokama qildi.

– Korxonamizda 55 nafar yoshlar ishlaydi, erkaklar kiyimi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelamiz, – deydi tumandagi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari Majidxon Islomov. – Bugungi tadbir kelgusida korxonamni kengaytirish, Samarqand shahri va qo‘shni tumanlarda ham uning filiallarini ochish va mahsulotlarimiz sotuvini keng yo‘lga qo‘yish masalasida ahamiyatli bo‘ldi. B.Sayfullayev bu harakatimni doim qo‘llab-quvvatlashini, bunday ezgu harakatlar uchun nafaqat menga, balki tadbirkor tengdoshlarimga “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi asosida kam foizli kredit ajratilishida ko‘mak berishini bildirdi.