Samarqand viloyat sudlarining yoshlar yetakchilari yoshlar bilan ilk uchrashuvni o‘tkazdi

Samarqand tayanch tibbiyot kollejida sud faoliyatida yangi tashkil etilgan yoshlar ittifoqi yetakchilarining o‘quvchi yoshlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyatimizdagi sudlarning yoshlar yetakchilari – Nodir Hamrayev, Otabek Qodirov, Bekzod Suyunov, Doston Mamatazimov yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularni sud-huquq tizimidagi islohotlardan xabardor qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, erta nikoh hamda yosh oilalarning ajralishlarining oldini olish, korrupsiya, odam savdosi kabi mavzularda so‘z yuritdi.

Davra suhbatida qayd etilishicha, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar umumiy jinoyatlarga nisbatan 25 foizga yetgan.  

Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlari tomonidan 2019 yil mobaynida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1 ming 545 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 304 ta ish ko‘rilgan. 

Shundan, 675 ta ish bo‘yicha 821 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan, 15 nafar shaxsga nisbatan shartli hukm qo‘llanilgan. 

Sudlar tomonidan “Kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul”, degan naqlga amal qilgan holda jinoyat bilan kurashishda dastlab yoshlarni jinoyat qilishga undaydigan sabablar, holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Yoshlar orasidagi jinoyatlarning ildizi ham xuddi shu jihatlardan qidirilmoqda. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlari tomonidan 2019 yil mobaynida 115 nafar shaxs yoshlar ittifoqining kafilligi asosida sud zalidan qamoqdan ozod qilingan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish maqsadida, 758 ta ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. 

Shuningdek, ozodlikdan mahrum qilingan 194 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turiga almashtirilgan, 1 ming 122 nafar shaxs tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan.

Davra suhbatida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.