Hokim ijodkor va ijtimoiy tarmoqlarda faol yoshlar bilan uchrashdi

Ertangi kunimiz qanday bo‘lishi avvalambor, maqsadlarimizga, bilimlarimizga, ko‘nikmalarimizga, ijodimiz va tarbiyamizga bog‘liq. Ushbu maqsadga erishishda albatta, yoshlarga ishonch bildiriladi. O‘zining fikriga, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarga suyaniladi. Ijodkor, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan yoshlar bilan o‘tkazilgan viloyat hokimligining uchrashuvida shu masalalar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda ta’kidlaganidek, jamiyat rivojida yoshlarning o‘rni katta. Barcha sohalarda faol bo‘lish va tashqi kuzatuvchi bo‘lmaslik juda muhim. Ko‘plab jamoat tashkilotlari mavjud. Ammo ularning faoliyatidan xalqimiz xabardor emas. Ommaviy axborot vositalari va blogerlar faoliyati tufayli hududlarimizda bo‘layotgan islohotlar va mavjud muammolar haqida xalqimiz xabardor bo‘lmoqda. Ko‘p sohalarda muammolar mavjud. Ular o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Ko‘plab mas’ullar muammolarni yashirishdan manfaatdor. Yoshlar ham jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, muammolar mavjudligini bildirishi kerak.

Uchrashuvda yoshlarning fikr va mulohazalari, talab va takliflari tinglandi.

Abdulaziz Suyarov sayyohlar uchun nafaqat mamlakatimizda bo‘lishni osonlashtiradigan, balki viloyat iqtisodiyotiga foyda keltiradigan platformani ishlab chiqishni taklif qildi.

Mehroj Isayev esa shoshilinch tibbiy yordam ishida bemorlarning manzilini tezda topishga yordam beradigan maxsus elektron mobil tizimni joriy etishni bildirdi.

Muloqot samimiy ruhda o‘tdi.

Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar muammolarni birgalikda hal qilishga yordam berishi, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga, islohotlarga, mamlakat rivojiga befarq bo‘lmagan yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.