Sessiyadan so‘nggi o‘ylar: Senatning viloyat hokimlari tomonidan islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha hisobotlarini eshitish amaliyoti samara beryapti

Xabaringiz bor, bugun xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyada hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida mahalliy Kengash deputatlarining roli to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

Xususan, viloyatning barcha sohalardagi ravnaqi belgilangan “Yo‘l xaritasi”da xalq deputatlari viloyat Kengashi faoliyatini jonlantirish borasidagi vazifalar ham o‘z aksini topdi.


F.Toshev, Oliy Majlis Senati a’zosi:

- Senatning viloyat hokimlarining islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha hisobotlarini eshitish amaliyoti yaxshi samara beryapti.

Birinchidan, oliy palata bu boradagi ishlarni atroflicha o‘rganadi, undan jamoatchilikni xabardor etadi.

Ikkinchidan, mahalliy ijro hokimiyati e’tiborini mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratadi.

Uchinchidan, mahalliy Kengashlar deputatlari mas’uliyatini oshiradi.

To‘rtinchidan, davlat dasturlari va yirik loyihalar ijrosini ta’minlashda respublika miqyosida hal bo‘ladigan masalalarga yechim topishda ko‘maklashadi.

Bugungi sessiya qaror asosida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” viloyatdagi ko‘plab loyihlarni o‘z vaqtida ro‘yobga chiqishini ta’minlaydi, deb o‘ylayman.

Zaynab Berdiyeva, viloyat Kengashi deputati:

– Oliy Majlis Senati ishchi guruhi ma’lumotnomasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlarimiz barobarida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Muhimi, bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar aniq belgilab berildi.

Biz tuman Kengashi deputatlari bilan hamkorlikda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmandlarni kambag‘allikdan chiqarish dasturlari ijrosini qat’iy nazoratga olganmiz. Karantin sharoitiga qaramasdan, “Kumush tola” MChJ Koreyadan qiymati 1,5 million AQSh dollariga teng ipak mato ishlab chiqaruvchi uskuna keltirib o‘rnatdi. 100 gektar maydonda limonariy qurildi, to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. Bugungi sessiya qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” esa bu yutuqlarimizni 2-3 hissa ko‘paytirish imkonini beradi.

O‘ktam Saidmurodov, viloyat Kengashi deputati:

– Sessiyada hozirgi sharoitda deputatlar faolligini yanada oshirish juda muhim ekanligi alohida ta’kidlandi. Shu sababli endi Senat tavsiyasiga ko‘ra, Kengash so‘rovini qo‘llash, deputatlik so‘rovida natijadorlikka erishish zarur.

Sessiyada viloyat Kengashida tajriba tariqasida kotibiyat tuzilishi, uning alohida maosh olib ishlovchi tarkibi shakllanishi faoliyatimizni bundan-da jonlantirishga yordam beradi. Kengash qoshidagi Ijtimoiy sherikchilik bo‘yicha jamoat komissiyaning tuzilishi esa nodavlat va notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda, ularning tashkilotchilik salohiyatidan foydalanishda deputatlarga juda qo‘l keladi.

Bugungi sessiya va uning qarori faoliyatimizda yangi bosqichni boshlab berishiga ishonchim komil.