Sharqona bozor madaniyati... o‘ldimi?

Bozorlarda yaratilgan sharoitlar talabga javob beradimi? Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, shuningdek, bozor ma’muriyati tomonidan olib borilayotgan ishlarning bugungi ahvoli qanday? Urgut tumanidagi "Saxovat" dehqon bozori, shuningdek, yon-atrofdagi savdo majmualari faoliyatini o‘rganib savollarimizga javob olishga harakat qildik. Hamrohlarimiz - tuman Davlat soliq inspeksiyasi, tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi vakillari.

Ta’kidlash o‘rinliki, tizim bilan bog‘liq munosabatlar qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Ammo o‘rganish davomida shunga ishonch hosil qildikki, bu yerdagi vaziyat bozorlar va savdo faoliyatini tashkil etish qoidalari talablari darajasida emas. Xalq tilida "Somon bozor" deb ataluvchi eski savdo majmuasi shu yerga ko‘chirilib, sotuvchi va xaridorlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yaxshi niyatlar bilan bir yilcha muqaddam tashkil etilgan "Saxovat" bozori va yondosh hududlarda savdo avjida. Ammo bu yerda bo‘lgan kishining ko‘ngli xira tortmay iloji yo‘q. Nega?

Izohlashga harakat qilamiz.

Aksariyat sotuvchilar belgilangan joylardan tashqarida savdo qilmoqda. Vaholang-ki, bozorda o‘rnatilgan 350 o‘rinli rastadan 150 tasi bo‘sh turibdi. Bozorda sotuvchilarni ajratilgan savdo o‘rinlari bo‘yicha joylashtirish va shu o‘rinlarda savdo qilishini nazorat qilish o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. Aksariyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotish rastalari bo‘sh turgan bir vaqtda, ayrim sotuvchilar yerda xaridorlar yurishi uchun qiyinchilik tug‘dirgan holda savdo olib bormoqda.

Bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va boshqa tushumlarning bank tizimi orqali avtomatlashtirilgan hisobga olish yo‘li bilan bank kassalari orqali qabul qilinishini ta’minlash ishlari ham alohida o‘rganishni talab etadi. Masalan, poliz mahsulotlari bilan savdo qiluvchi sotuvchining ma’lum qilishicha, bir martalik kunlik yig‘im uchun 10 ming so‘m berar ekan. Ammo to‘lovni tasdiqlovchi chekni so‘raganimizda "unaqa narsa" olmaganini aytdi.

Bozor joylashgan hududdagi epidemiologik, epizootik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashning bugungi holatini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Masalan, sotilayotgan go‘sht mahsulotlari chivin va boshqa turdagi hasharotlarning «ziyofat dasturxoni»ga aylangan. Sut mahsulotlari bir marta ishlatiladigan yelim idishlarda sotilmoqda. Tez ayniydigan, ayniqsa, hozirgi jazirama havoda ko‘z ochib-yumguncha sifati buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari ochiqda, boshqa turdagi mahsulotlar (kir sovun, xo‘jalik qog‘ozi, idish-tovoq, attorlik buyumlari va hokazo) bilan aralash, betartib sotilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Yuqorida "Somon bozor"ni eslagan edik. Xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lgan ko‘p qavatli muhtasham savdo majmuasi va uning yon-atrofidagi hududlar savdogarlarga ijaraga berilgan. Savdogarlar esa "Saxovat" bozoriga ko‘chishni istamay, shu yerda (aksariyat hollarda ko‘cha bo‘yida) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning to‘lovlarni qay tarzda amalga oshirayotganini nazorat qilib borish tegishli idoralar zimmasida. Ammo masalaning yana bir jihati borki, bunga e’tiborsiz bo‘lish mumkin emas. Ya’ni, hudud atrofi avtomashinalar bilan to‘lganligi oqibatida ko‘p hollarda sun’iy tirbandlik yuzaga keladi. Bu esa harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf ekani shubhasiz.

Ona zaminimizda shakllangan Sharqona bozor madaniyati asrlar osha jahon ahlini maftun etib kelganidan g‘ururlanamiz, albatta. Ammo bozorlarimizning bugungi ahvolini ko‘rib beixtiyor "attang", deb yuborishdan ham tilimizni tiyolmaymiz.

Darvoqe, o‘rganish jarayonida madaniyat va tarbiya "ko‘chasi"dan o‘tmagan ayrim shaxslarning tahdidlariga ham duch keldikki, bu kelgusi maqolalarimiz mavzusi bo‘ladi.

Sirojiddin TAYLONOV,

Nusrat BOBOYeV.