Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi, demak u haqda tarqalgan xabar yolg‘on

Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an telefon orqali muloqot qildilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, O‘zbekiston Prezidentining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda bugungi yuksak darajaga erishishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Kuni kecha Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi natijalari samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli yo‘nalishlarda, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish borasida tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

Davlatlarimiz rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arab OAVlarida Erdog‘anning vafot etganligi haqida xabarlar tarqalgani haqida xabar bergan edik. Demak ushbu xabar yolg‘on.