Shavkat Rahmonov, Samarqand viloyati IIB boshlig‘i: Mas’uliyatsiz xodimlarga safimizda o‘rin yo‘q
Tizimda kechayotgan islohotlarni ko‘rib turibsiz. Ayniqsa, ta’magarlikning payini qirqish uchun uning barcha ko‘rinishlariga qarshi keng qamrovli ishlar olib boryapmiz.
Vazirlikning kadrlar boshqarmasida aynan quyi tizimlar mutaxassislari bilan ishlovchi boshqarma faoliyat ko‘rsatadi. Boshqarma boshlig‘ining ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan. Ular xodimlar o‘rtasida kasbimizga yot harakatlarga qarshi tarbiyaviy ishlar olib boradi.
Bundan tashqari, bevosita vazirga bo‘ysunadigan soha xavfsizligi xizmati, uning viloyatda ham bo‘limi mavjud. Bu bo‘lim, masalan, IIB boshlig‘iga ham bo‘ysunmaydi.
Umuman, safimizni mas’uliyatsiz kadrlardan tozalab borish muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Shtat birligi ko‘pligi uchun xizmat intizomi va qonun itoatkorligiga jiddiy e’tibor beramiz.
Boshqarma boshlig‘i sifatida o‘zim bu ish bilan doimo va astoydil shug‘ullanaman. Negaki, ma’naviyatsiz, mas’uliyatsiz xodim, avvalo, boshqarmamiz obro‘siga, xalq ishonchiga putur yetkazadi. Bunday holatdan safimizda halol, fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarimiz ozor chekadi.
Iyun oyida shaxsan o‘zim joylarda tasodifiy tekshiruvlar o‘tkazdim, aholidan tushayotgan e’tirozlarni o‘rgandim. 20 kun ichida xizmat intizomi buzilishi bilan bog‘liq 9 holatni aniqladim. Natijada 4 nafar xodim safimizdan chiqarildi, qolganlariga ham jiddiy va qat’iy choralar ko‘rildi. Bunday tadbirlarni prokuratura va davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ham o‘tkazyapmiz.
Davlatimiz rahbarining sohamizda olib borayotgan izchil islohotlarining asosiy maqsadi ichki ishlarni zamonaviy axborot texnalogiyalari, bilimli, ma’naviyatli kadrlar bilan ta’minlash, ichki ishlar xodimini xalqning eng yaqin maslahatchisi, himoyachisiga aylantirishdan iborat. Bunday maqsad sari intilishda mas’uliyatsiz xodimlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi.