Shaxsning qarz yuki, uning chegarasi kredit tarixida aks etadi

Joriy yilning 10 oyida jismoniy shaxslarning bosh boshqarmaga yo‘naltirilgan murojaatlari bo‘yicha 134 holatda kredit ajratildi. O‘rtacha oylik daromadlari kredit to‘lovlariga yetmasligi yoki fuqaroning boshqa kredit tashkilotidan qarzi mavjudligi uchun 47 holatda kredit ajratilishi qonuniy rad etilgan. 2020 yil 1 noyabr holatida viloyatimizdagi tijorat banklarida 34 ming 132 nafar jismoniy shaxsning kredit (mikroqarz)lar bo‘yicha 34,4 milliard so‘m muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud.

Shu o‘rinda fuqarolarning kredit (mikroqarz) bo‘yicha joriy yoki muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lgan shaxslar yana kredit olishi mumkinmi, kafilning to‘lov qobiliyati qanday hisoblanadi? Qarz oluvchi, birgalikda qarz oluvchi, kafillarning kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha joriy va muddati o‘tgan qarzlari, ular tomonidan berilgan kafilliklar haqidagi ma’lumotlar qayerdan olinadi, kabi savollariga javob berib o‘tsak.

“Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi nizomga asosan tijorat banklariga ilgari olingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha so‘ndirilmagan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lganda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi. Demak, tijorat banklari ilgari olingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha so‘ndirilmagan muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lganda jismoniy shaxslarning mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish haqidagi murojaatlarini rad etadi.

Qarz yuki ko‘rsatkichi har bir qarz oluvchiga banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan mikroqarz yoki lombardlar tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda uning summasi va qarz oluvchining amaldagi kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘i yig‘indisi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshganda hisoblanadi (hozirgi kunda bu 11 150 000 so‘m). Demak, jismoniy shaxs kafil sifatida ishtirok etgan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha muddati o‘tgan to‘lovlar yuzaga kelishi ushbu shaxsning o‘zining kredit (mikroqarz) olish imkoniyatini pasaytiradi. Shuning uchun har bir shaxs birgalikda qarz oluvchi hamda kafil sifatida ishtirok etgan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarzdor tomonidan shartnoma shartlariga rioya etilishi holatini nazoratga olib borishi lozim.

Qarz oluvchi(lar)ning o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlashda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan ish haqi, pensiya miqdori, fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya badallari to‘g‘risidagi hamda foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan va shular kabi boshqa doimiy tarzdagi daromadlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar talab etiladi.

Qarz beruvchi tomonidan kreditlar (mikroqarzlar) ajratilayotganda jismoniy shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak.

Amaliy misol yordamida tushuntirib o‘tamiz: fuqaroning har oyda teng miqdordagi grafik to‘lovi bo‘lgan, yillik 20 foiz stavkada 1 yil muddatga olingan 6 million so‘m krediti bo‘yicha 2 million so‘m qarzdorligi mavjud. Taqdim etilgan yangi kredit ariza summasi - 15 million so‘m, muddati - 18 oy, foiz stavkasi 22 foiz. Demak, amaldagi qarzdorlik va so‘ralayotgan kredit yig‘indisi 17 million so‘m. Bu bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 11 million 150 ming  so‘mdan ko‘p, bank qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblaydi.

Qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerakligi haqidagi talabdan kelib chiqib, qarz oluvchi va birgalikdagi qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlari yig‘indisi 3 million 418 ming so‘mga teng yoki yuqori bo‘lganda mazkur ariza bank tomonidan qanoatlantirilishi mumkin. Bundan kam bo‘lganda esa kredit summasi mutanosib ravishda kamaytiriladi.

“Kredit tashkilotlari tomonidan kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan:

- kredit tashkilotlari o‘zlaridagi mavjud kredit axborotini qayd etilganidan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan kredit axborotining davlat reyestriga (KADR) va kredit byurolariga taqdim etishlari shart;

- Markaziy bank kredit tashkilotlarining kredit axborotini yig‘adi, ular bo‘yicha kredit axboroti ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va KADRni yuritadi.

- kredit byurolari har bir qarzdor bo‘yicha uning oxirgi 5 yildagi ijobiy va salbiy xarakterdagi kredit axborotini o‘z ichiga oluvchi kredit tarixlari ma’lumotlari bazasini ishlab chiqadi.

Kredit tarixi 5 yil mobaynidagi kredit axborotlari asosida shakllantiriladi. Har bir mijoz kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnomada belgilangan muddatlar va tartibda bajarib borishi eng avvalo o‘zi uchun manfaatli hisoblanadi.

Sherzod SUVONQULOV,

Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.