She’riyat gulshanining Ra’nosi edi

Ra’no Uzoqova. Bu nom samarqandliklarga, yurtimiz adabiyot ahliga yaxshi tanish. XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega bo‘lgan bu shoira qisqa - 31 yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, o‘zidan boy adabiy meros qoldirdi. Uning she’r va hikoyalari, dostonlari yillar o‘tsa-da, o‘z ahamiyati va badiiy qimmatini yo‘qotmay, kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilib kelinmoqda.
Ra’no Uzoqova 1916 yilda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida tavallud topgan. Xalqimiz tarixining og‘ir damlari bo‘lgan bu yillardagi qo‘zg‘olon-u inqiloblar bu oila xotirjamligi va baxtiga ham chang solgan. Butun oila ahli 1918 yilda "bolsheviklar" deya otib tashlanadi. Birgina ikki yoshli go‘dak - Ra’nogina bu qirg‘indan omon qoladi va uni Termiz temiryo‘l ishchisi Maryam Badriddinova o‘z tarbiyasiga olib, onalik qiladi.
Ra’no 8 yoshga to‘lgach, M.Badriddinova uni internatga o‘qishga beradi. So‘ngra 1927-1931 yillarda R.Uzoqova Termiz ta’lim-tarbiya texnikumida tahsil oladi. Shundan keyin uning mehnat faoliyati boshlanadi. Ishni Oqqo‘rg‘ondagi maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan Ra’no o‘zidagi san’at va she’riyatga bo‘lgan havas bois oradan qisqa fursat o‘tib, rayon teatrida faoliyatini davom ettiradi. Ko‘plab sahna asarlarida rollar ijro etadi.
She’riyat va ijod qilishga bo‘lgan zavq va shavq uni aktrisalikdan ko‘ra sahna asarlari yozishga undaydi. Natijada dastlab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Asror Jo‘rayev bilan hamkorlikda “Uchrashuv” nomli sahna asarini yaratadi. Keyinchalik "Rashk", "Zafarning hukmi", "Yag‘irlangan baxt”, "Quvonch" kabi hikoyalari gazetalarda chop etiladi.
Ham nasr, ham nazmda ijod qilgan shoiraning haroratli she’r va dostonlari ham e’tiborga molik. Bu ijod namunalarida u vatanparvarlik his-tuyg‘ularini zo‘r ishtiyoq bilan kuylaydi. O‘sha dam u vatanparvarlik, mardlikni ulug‘laydi, ya’ni Ikkinchi jahon urushi chog‘ida dushmanga qarshi oyoqqa turgan askarlarimizni g‘alabaga chorlaydi, ularga ruhiy madad berishga intiladi:
Yov adabin bergil, botir, qahramon,
G‘olib chiqib, el bilan qayt sog‘-omon
Yo‘lingizga poyandozlar solamiz
Gullar bilan sizni kutib olamiz.
Bunday dil izhorini Ra’no nafakat o‘zbek yigitlari, balki ular orasida bo‘lgan sevikli yori Sayfiddin Uzoqovga qarata xam aytgan edi. Shoira "Yaxshi bor" nomli she’rida ham turmush o‘rtog‘iga o‘z dil so‘zlarini bayon qiladi:
Ayriliqni istamas edim.
Seni jangga qistamas edim.
Judolikdan jon qiynalsa-da,
Pahlavonim, jangga bor, dedim.
Ammo ularning xush damlari uzoq davom etmaydi. Ra’no Uzoqova 1944 yilda turmush o‘rtog‘idan qoraxat oladi va undan yodgor qizi Rahima bilan yolg‘iz qoladi. R.Uzoqova shu davrda bir necha yil Samarqandda umrguzaronlik qiladi. "Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") gazetasida ishlaydi, Samarqand radiosi va "Urgut radiosida muharrir bo‘ladi. 1946 yilda esa Samarkand oblast madaniyat bo‘limi boshlig‘i etib tayinlanadi. Lekin oradan bir yil o‘tib, ayni jo‘shib ijod kilayotgan shoira, 31 yoshida yurak xastaligidan vafot etadi. To‘rt yashar Rahima, ya’ni volidamiz buvimiz Samarqandda ijarada yashagan uy egasi Roziq bobo qo‘lida qoladi. Otaxon o‘zi kam miqdorda pensiya olsa-da, Rahimani internatga bermay o‘zi tarbiyalaydi.
Ra’no Uzoqovaning hayotligida faqatgina bitta "Mardona yuring” she’rlar to‘plami nashr etiladi. Bu mo‘’jaz kitobchada asosan, shoiraning urush mavzusiga oid 21 ta she’ri to‘plangan edi. Shoiraning vafotidan so‘ng adabiyotshunos olimlar va ijodkorlarning zahmatli mehnatlari bilan uning asarlari dunyo yuzini ko‘rdi. Taniqli shoira Zulfiya tashabbusi bilan "She’rlar" to‘plami chop etilgan bo‘lsa, "Subhidamda uchgan qaldirg‘och” kitobiga adabiyotshunos Dushan Fayziy tashabbuskor bo‘ldi. Keyingi uchta kitob "Subhidam qaldirg‘ochi (1978), "Talpin, yurak" (1981 yilda N.Narzullayev bilan hamkorlikda). "Saylanma"ni (1993) nashr etishda surxondaryolik ijodkor Toshtemir Turdiyevning xizmatlari katta bo‘ldi.
Bugun 9 may - Xotira va qadrlash kuni. Sana munosabati bilan buvijonimiz, xalqning sevimli shoirasi xotirasini muxtasar bo‘lsa-da yod oldik. Ilohim, Ra’no Uzoqovaning joylari jannatda bo‘lsin!
Gulbar Uzoqova.