Shifokorga zo‘ravonlik qilganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘magida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
So‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tajovuz qilinishi holatlari tez-tez uchramoqda. Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan davri davomida 400 dan ortiq holatlarda shifokorlarga nisbatan zo‘ravonlik qilinib, tan jarohatlari yetkazilgan.
“Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Bunday jazo choralari hozirda qariyb har kuni sodir bo‘ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta’sir kuchga ega bo‘ladi.
Zero, shifokor hech qachon bemorga nisbatan yomonlikni istab harakat qilmaydi. U hamisha insonga yaxshilik qilishga intiladi. Ko‘makka muhtoj bemorga shifo baxsh etish, favqulodda holatlarda inson hayoti va salomatligini asrash uchun bor kuch-salohiyatini ishga soladi.
Shu bois bunday fidoyi kasb sohiblariga, ularning halol mehnatiga nisbatan adolatsizlik va nohaqliklarning oldini olish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratish davlat va jamiyat zimmasidagi muhim vazifadir”, deya ta’kidlanadi vazirlik bergan ma’lumotda.