Shu yilning o‘tgan davrida viloyat hududida 507 ta yong‘in sodir bo‘ldi, 8 nafar fuqaro halok bo‘ldi
Matbuot uyida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Umid Ahrorov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa ma’lumotlar berildi.
Boshqarma tomonidan yoz mavsumida, fuqarolarning suvda cho‘kish, ovqatdan zaharlanish (botulizm), quturish va kuydirgi kasalligi, yong‘inlar hamda havo-gaz aralashmasining chaqnashi kabi holatlardan halok bo‘lishlari va tan jarohati olishlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni ko‘p uchraganligi sababli asosiy profilaktik tadbirlar aynan shu holatlarning oldini olishga qaratilmoqda.
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan 979 nafar rahbar, javobgar shaxslar va fuqarolar 227 mln. 342,5 ming so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi. Zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 386 ta korxona, bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 7609 ta elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi.
Viloyatda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud muammo, kamchiliklar yuzasidan hokimliklarga 252 ta va yuqori tashkilotlarga 518 ta axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritildi.
- Olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan yoz mavsumida favqulodda hodisalar soni oshib bormoqda, - deydi U.Ahrorov. - Jumladan, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududida 507 ta yong‘in sodir bo‘ldi. Ushbu yong‘inlarda 8 nafar kishi halok bo‘ldi, 20 nafar fuqaro jarohat oldi hamda viloyat hududidagi suv havzalarida 10 nafar fuqaroning suvda cho‘kishi bilan bog‘liq holatlar qayd etildi.
Dinora Hamidova.